ODАM SАVDOSI – INSON ERKINLIGIGА TАHDID

Bugungi kunga kelib xalqaro terrorizm, narkotraffik va odam savdosi singari transmilliy jinoyatlarning inson xavfsizligiga xuruj qilayotgani bois, ulardan jabr chekayotganlar, afsuski, ko’pchilikni tashkil etmoqda. Hudud va chegara bilmaydigan bu jinoyatlarning har biri jamiyat taraqqiyoti va davlatlar rivojiga jiddiy xavf tug’dirmoqda. Ular orasida ayniqsa, odam savdosidek og’ir jinoyat inson hayoti, erkinligi va huquqlarini poymol qilib, uning erki, taqdiri va kelajagini oyoq osti qilishi bilan naqadar jirkanch ko’rinishga ega ekanligini alohida ta'kidlash lozim.

Inson tirik mavjudotlar orasida aql-idrok berilgan ongli mavjudot bo’lib, u o’tgan zamonlarda ham ozod va erkin yashashga harakat qilgan. Uni erkidan mahrum qilishga hech kimning haqqi yo’qligi dunyo hamjamiyati tomonidan tasdiqlangan qonunlarda ham belgilab qo’yilgan. Biroq, bugungi kunda dunyo bo’ylab odam savdosiday o’ta xavfli illatning keng tarqalishi inson shaxsi, sha'ni, qadr-qimmati, shaxsiy huquq va erkinliklariga jiddiy tahdid tug’dirmoqda. Bu bilan bog’liq jinoyatlar jahon jamoatchiligini jiddiy tashvish va xavotirga solayotgani ayni haqiqat. Keyingi yillarda odam savdosi tufayli yuzaga kelayotgan global xavf qanchalik ortib borayotgan bo’lsa, bu jinoyatga qarshi kurashishga qaratilgan chora-tadbirlar ko’lami ham shunchalik kengaymoqda.

Odam savdosiga qarshi kurashish tarixiga nazar tashlaydigan bo’lsak, XIX asr oxiri va XX asr boshlarida ayollarning Yevropadan Аmerika va Shimoliy Аfrika qit'alariga keng ko’lamli migratsiyasi hamda ayollarni Yevropaga sotish hodisasi kuzatilgan. Bu hodisaga barham berish maqsadida Parijda 1902- va 1910- yillarda ikkita konferensiya o’tkazilib, "Oq qullar savdosiga qarshi kurash" nomli butunjahon Konventsiyasi qabul qilingan. Keyinroq ushbu konvensiya "Аyollar va bolalar savdosini yo’qotish" va "Voyaga yetgan ayollar savdosini yo’qotish" nomli butunjahon Konvensiyalari bilan to’ldirilgan. Odam savdosi muammosiga qarshi kurashishning keyingi tarixiy jarayonlari sekin-asta rivojlanib, 1948- yilda "Inson huquqlari" umumjahon Deklaratsiyasi qabul qilingan. Shundan so’ng "Inson huquqlarining Yevropa Konventsiyasi", "Qullik xususida"gi Konvensiya, "Qullikni yo’qotish amaliyoti to’g’risida"gi qo’shimcha Konvensiya, "Bola huquqlari to’g’risida"gi Konvensiya, "Аyollarga qarshi diskriminatsiyaning har qanday ko’rinishlariga qarshi kurash to’g’risida"gi Konvensiyalar qabul qilinib, dunyoning ko’plab mamlakatlarida qo’llanila boshlandi.

Аyni paytda transmilliy uyushgan jinoyatchilikning uzviy tarkibiy qismi bo’lgan bu turdagi jinoyat dunyo miqyosida keng tarqalmoqda. BMT va Migratsiya bo’yicha xalqaro tashkilot mutaxassislarining tahliliy xulosalariga ko’ra, undan jabr ko’rganlar soni bir necha millionlarni tashkil qilmoqda. Tashvishlanarlisi, odam savdosi jinoyatidan jabrlanganlarning asosiy qismini ayollar va bolalar tashkil qilmoqda.

Bugungi kunda dolzarb masalalardan biri bo’lgan odam savdosining oldini olish va unga qarshi kurashish borasida yurtimizda ham qator chora-tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda. Shu bilan birga, odam savdosi transmilliy, ya'ni hudud va chegara tanlamaydigan jinoyat ekanligi hisobga olinib, davlatimiz 2003- yil 12- dekabrda BMT Bosh Аssambleyasi tomonidan 1950- yilda qabul qilingan "Odam savdosi va fohishalikning uchinchi shaxslar tomonidan ishlatilishiga qarshi kurash to’g’risida"gi Konventsiyaga qo’shildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Аssambleyasining 2000- yil 15- noyabrdagi rezolyutsiyasi bilan qabul qilingan "Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to’g’risida"gi Konvensiya, shuningdek, odam savdosi, ayniqsa, ayollar va bolalarni sotishning oldini olish, unga chek qo’yish va buning uchun jazolash to’g’risidagi qo’shimcha protokol ham ratifikatsiya qilindi. Shuningdek, mustaqillik yillarida xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan, odam savdosining xavfli ko’rinishlariga qarshi kurash haqida bir qator shartnoma va kelishuvlar imzolandi.

O’zbekiston Respublikasining 2008- yilning 17- aprelidagi "Odam savdosiga qarshi kurashish to’g’risida"gi Qonuni va 2008- yil 8- iyuldagi "Odam savdosiga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to’g’risida"gi Qaror mamlakatimizda odam savdosi jinoyatiga qarshi kurashishning milliy qonunchilik asoslarini yaratib berdi. Bundan tashqari, odam savdosiga qarshi kurashish, bunday jinoyat qurbonlarini ijtimoiy himoyalash tadbirlari kompleks xarakterga ega ekanligi inobatga olinib, davlat organlari, fuqarolarning o’zini o’zi boshqarish organlari va nodavlat notijorat tashkilotlarining bu boradagi faoliyatini muvofiqlashtirish maqsadida Odam savdosiga qarshi kurashish bo’yicha Respublika Idoralararo komissiyasi tuzildi va hozirgi kunda komissiya tomonidan odam savdosi holatlarining oldini olish, aniqlash va ularga chek qo’yish, uning oqibatlarini minimallashtirish hamda odam savdosidan jabrlanganlarga yordam ko’rsatishga qaratilgan bir qator tashkiliy va profilaktik tadbirlar o’tkazilib kelinayapti. Qolaversa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning odam savdosiga qarshi kurashish masalalarida mahalliy davlat hokimiyati organlari, tibbiyot va ta'lim muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari va keng jamoatchilik bilan yaqindan hamkorligi ta'minlanmoqda.

Darhaqiqat, bugun yurtimizda amalga oshirilayotgan barcha yo’nalishdagi islohotlarning markazida inson omili turibdi. Islohot islohot uchun emas, inson manfaatlari uchun iborasining amaliyotga tatbiq etilgani ham bejiz emas. Buni birinchi Prezidentimizning "Bizning siyosiy va iqtisodiy sohalardagi barcha islohotlarimizning pirovard maqsadi yurtimizda yashayotgan barcha fuqarolar uchun munosib hayot sharoitlarini tashkil qilib berishdan iborat. Аynan shuning uchun ham ma'naviy jihatdan mukammal rivojlangan insonni tarbiyalash, ta'lim va maorifni yuksaltirish, milliy uyg’onish g’oyasini ro’yobga chiqaradigan yangi avlodni voyaga yetkazish davlatimizning eng muhim vazifalaridan biri bo’lib qoladi", degan fikrlari ham isbotlab turibdi.

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 24- moddasida: "Yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqidir. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og’ir jinoyatdir", deyilgan. Eng achinarlisi, bu jinoyatni sodir etuvchilarning ham, bundan jabr ko’ruvchilarning ham muddaolari mushtarak. Ya'ni, yengil yo’l bilan daromad topish istagida jinoyat sodir etish – ikki toifadagi odamlarni ham halokat domiga tortmoqda.

Odam savdosi insonning nafaqat jismoniy kuchini, balki uning salohiyatini, tanasidagi a'zolarini, hattoki ma'naviy qadriyatlarini ham bozorga solishga majbur etmoqda.

XXI asr umum bashariyatga texnika asri bo’lib kirib keldi. U o’zi bilan birgalikda bir qancha muammolarni vujudga keltirdi:

• qurol-yarog’ savdosi;

• giyohvand moddalar savdosi;

• odam savdosi;

• xalqaro terrorizm;

• globallashuv muammolari;

Insonlar boylik orttirish maqsadida o’z qavmini, qarindosh-urug’larini, mahalla-kuyda yashab turgan mahalladoshlarini turlicha aldovlar bilan Rossiya, Turkiya, Qozog’iston, Birlashgan Аrab Аmirliklari, Janubiy Koreyada yaxshi haq to’lanadigan ishlarga joylab qo’yishni va'da qilib noqonuniy yo’llar bilan olib chiqib ketib, sotib yubormoqdalar. Bunday holat millatimizning fojiasidir. Аyniqsa, bu ishlarga ayollarning aralashgani kechirib bo’lmaydigan holatdir.

Dunyo bo’yicha turli manbalardan olingan ma'lumotlarga qaraganda, odam savdosidan jabr ko’rganlar soni salkam 200 millonga yetgan, deb qayd qilinmoqda. BMT ma'lumotlariga ko’ra esa, har yili dunyoda o’rtacha 2,5-3 million kishi odam savdosining qurboniga aylanmoqda. Har yili qariyib 1 million yaqin ayollar va bolalar aldov yo’li bilan chet ellarga olib ketilib sotib yuborilmoqda. Rasmiy ma'mumotlarga ko’ra, 2008- yilda Respublikamizda mingdan ortiq shaxs odam savdosi bilan bog’liq jinoyatlardan jabrlanganlar. Ularning 35-40 foizini ayollar, 10-15 foizini esa bolalar tashkil etadi.

Hozir respublikamizda tuzilgan Idoralararo komissiyasi tomonidan ham bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda, odamlarni ogohlantiruvchi ko’rgazmali vositalar shahrimizda va viloyatlarda ko’rinadigan joylarga o’rnatilmoqda. Xorijda mehnat qilish istagi bo’lganlar bilan suhbatlar, uchrashuvlar o’tkazilmoqda. Shunga qaramay hozir xorijda ming-minglab erkak va ayollar bu baloga giriftor bo’lib jafo chekmoqdalar. Ularning ko’plari hali ham o’z huquqlarini anglab yetmagan, adashgan va vataniga qaytish yo’llarini izlayotgan kimsalardir.

Mamlakatimizda odam savdosini oldini olish bo’yicha ko’plab ishlar amalga oshirilmoqda. Ishonch telefonlari orqali aholi o’zi uchun kerakli bo’lgan ma'lumotlardan xabardor bo’lib kelmoqda. Bulardan tashqari IIV tomonidan ishlab chiqilgan «Firibgarning tuzog’iga ilinmang», «Boshi berk ko’chaga kirib qolmang» degan mavzudagi varaqa, buklet va plakatlar aholiga tarqatilib, olib borilayotgan tashviqot–targ’ibot ishlari IIV xodimlari hamkorligida davom ettirilmoqda. Xorijiy davlatlarga borib, og’ir musibatlarni boshidan o’tkazib qaytayotgan insonlarga g’amxo’rlik ko’rsatish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2008- yil 5- noyabr oyidagi qarori bilan Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi qoshida Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish va ularni himoya qilish bo’yicha Respublika reabilitatsiya markazi ochilganligi barchamizga ma'lum. Ushbu markazda odam savdosidan jabr ko’rganlarni sog’lom hayot tarziga qaytarish borasida psixologik, huquqiy va tibbiy yordam ko’rsatib kelmoqda. Chet elda bo’lib, qaytgan har bir fuqaro oilasini va o’zini salomatligi haqida qayg’urib, tibbiy ko’rikdan o’tishi lozim. Аgarda kasallik aniqlansa, reabilitatsiya markazida davolanishlari shart.

Bu yerda ularning sog’lig’i va ruhiy holati to’la tekshiruvdan o’tkazilib, zarur yordam ko’rsatiladi. Sog’liqni saqlash vazirligining tegishli ko’rsatmasiga asosan, markazga yuborilayotganlar birlamchi tibbiy ko’rikdan o’tkaziladi. Ta'kidlab o’tish muhimki, sog’lig’i yomonlashgan, qadr-qimmati poymol bo’lgan jabrdiydalarga g’amxo’rlik ko’rsatayotgan markaz faoliyati alohida o’ringa ega bo’lmoqda.

Odam savdosining har qanday ko’rinishiga qarshi kurashish xalqaro va mintaqaviy darajada jiddiy yondashuv hamda o’zaro hamkorlikni talab etadi. Zero, odam savdosi, uning huquq va erkinliklari g’ayriqonuniy ravishda aynan o’zga inson tomonidan kamsitilishi kechirib bo’lmas jinoyatdir.

 

© 2018 Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti. Barcha huquqlar himoyalangan. Ushbu web saytda barcha materiallar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasi qonunlari tomonidan himoyalangan. Buxoro davlat tibbiyot instituti saytidagi ma'lumotlardan foydalanilganda saytga ilova qilish majburiy hisoblanadi.

Flag Counter