ABU ALI IBN SINO NOMIDAGI BUXORO DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI TARIXI

Ko‘hna va navqiron Buxoroi sharifning ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotiga ulkan hissa qo‘shib kelayotgan Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti 29 yoshga to‘ldi. Albatta, bu oliygohning tamal toshini qo‘ygan, uning ertasini o‘ylab jon kuydirgan, nomini jahonga mashhur qilishga intilgan qanchadan-qancha insonlar xizmati bugun hurmat va ehtirom bilan yodga olinadi. Ularning faoliyatini o‘rganmoq va yoshlarga o‘rgatmoq esa biz uchun ham qarz, ham farzdir.

Abu Ali ibn Sino tug‘ilib o‘sgan yurt - Ko‘hna va navqiron Buxoro-i Sharifning ma’naviy-ma’rifiy hayotida o‘zining ulkan hissasini qo‘shib kelayotgan Buxoro davlat tibbiyot instituti 1990- yil 6- sentyabrda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 307- sonli qarori bilan tashkil etilgan.

Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi Prezidnumi qaroriga muvofiq, 1991 yilning mart oyida mazkur institutga tabobat osmonining porloq yulduzi, tibbiyot donishmandi, afshonalik bobokalonimiz-buyuk vatandoshimiz Abu Ali ibn Sinoning tabarruk va muborak nomi berilgan.

O‘sha vaqtda O‘zbekiston Sog‘liqni Saqlash vaziri lavozimida ishlagan akademik Sh.I. Karimov (1989-1993- yillar Buxoro viloyati hokimi) D.S. Yodgorov endigina oyoqqa turayotgan institut jamoasini ixtisoslikka va tashkiliy-rahbariy qobiliyatga ega bo‘lgan kadrlar bilan ta’minlash, oliygohga viloyat markazida mavjud bo‘lgan eng yaxshi binolardan ijaraga joy ajratish hamda ularni ta’mirlashga ko‘p kuch-g‘ayrat sarfladilar.

Sobiq Sog‘liqni saqlash vaziri o‘rinbosari, professor Sh.Sh. Hamroyev, I Toshkent tibbiyot instituti rektori akademik T.A. Daminov, II Toshkent tibbiyot instituti rektori, professor X.Ya. Karimov, prorektorlar K.N. Najmiddinov, P.I. Toshxo‘jayev, akademik U.A. Aripov va boshqa qator olim va mutaxassislar institutni professor-o‘qituvchilar, zaruriy o‘quv jihozlari va adabiyotlari, uslubiy qo‘llanma va darsliklar bilan ta’minlashda faol ishtirok etadilar.

Shuningdek, ular tomonidan yuqori rahbariy tashkilotlar tomonidan institut moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, yetuk mutaxassis professor-o‘qituvchi kadrlar tarkibini kengaytirish va takomillashtirish masalalariga alohida diqqat-e’tibor qaratilgan.

Buxoro viloyat hokimligi sog‘liqni saqlash boshqarmasining o‘sha vaqtdagi boshlig‘i A.B. Yorqulov, uning o‘rinbosari M.M. Abdurahmonov va boshqa mutasaddi rahbarlar institut faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda jonlantirish bo‘yicha berilgan dolzarb vazifa va topshiriqlarni tezkorlik bilan bajarishda hozir javoblik ko‘rsatdilar.

O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining 1990- yil 11- oktyabrdagi 1052-raqamli buyrug‘iga asosan yangi barpo qilingan bu oliy bilim yurti dargohi – Buxoro davlat tibbiyot institutining birinchi rektori etib, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, tibbiyot fanlari doktori, professor Akram Ibragimovich Mo‘minov tayinlangan.

Professor A.I. Mo‘minov Sog‘liqni saqlash tizimida 1960- yilda Samarqand shahridagi respublika klinik shifoxonasida davolovchi shifokor sifatida ish faoliyatini boshlab, so‘ng qator yillar davomida Samarqand davlat tibbiyot instituti quloq-burun-tomoq kasalliklari kafedrasi o‘qituvchisi, dotsenti, Toshkent davlat tibbiyot instituti dotsenti, ixtisosi bo‘yicha kafedra mudiri, davolash fakulteti dekani, o‘quv ishlari bo‘yicha rektor o‘rinbosari kabi mas’uliyatli vazifalarda fidokorona mehnat qilgan. U o‘zining qobiliyatli tashkilotchiligi, boshqarishning yangidan-yangi usullarini rahbarlik ishida dadillik bilan joriy olish mahoratini namoyon etgan.

A.I. Mo‘minov 5-6- yil davom etgan samarali sermahsul faoliyati mobaynida Buxoro davlat tibbiyot institutining ishlab chiqilgan konsepsiyasiga muvofiq o‘quv-tarbiya jarayonining, ilmiy-uslubiy va xo‘jalik faoliyatining yangicha, mustaqil dasturini ta’lim tizimida muvaffaqiyatli joriy qilinishiga, dastlabki umumiy va biorganik kimyo, tibbiy va biologik fizika, tibbiy biologiya va irsiyot, tillar, normal anatomiya, operativ jarrohlik va topografik anatomiya, biologik kimyo va boshqa kafedralarning birin-ketin tashkil etilishi va shakllanishiga bosh-qosh bo‘lgan.

Yangi institutni tashkil etish, professor-o‘qituvchi kadrlar, o‘quv jihozlari bilan ta’minlash, boshqaruv va o‘quv jarayonlari uchun ajratilgan binolarni ta’mirlash kabi murakkab vazifalar shu katta hayot va mehnat tajribasiga ega bo‘lgan olijanob inson rahbarlik davrlarida amalga oshirilgan.

1991- yil 31- avgustda institutning ochilish marosimi o‘tkazilgan. Unda Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari, viloyat hokimiyat rahbarlari, jamoatchilik, talabalar, ota-onalar ishtirok etganlar.

 

image002

Institutning ochilish marosimi jarayonlari

 

image004

Buxoro davlat tibbiyot institutitni tashkil etish bo’yicha
Respublika ishchi guruhi a’zolari

 

Sur’atda (1990-yilda): O’zbekiston Respublikasi Sog’liqni Saqlash va’ziri o’rinbosari Shaxob Shamsiyevich Hamroyev, 1996-2011- yillarda Buxoro viloyati hokimi Samoyiddin Qosimovich Husenov, Viloyat So’g’liqni Saqlash Boshqarmasi boshlig’i o’rinbosari Abduraxmonov Ma’mur Mustafoevich, dotsent Muazzamov Baxodir va boshqalar.

 1991- yil 31- avgustda institutning ochilish marosimi o‘tkazilgan. Unda Respublika Sog‘liqni saqlash vazirligi vakillari, viloyat hokimiyat rahbarlari, jamoatchilik, talabalar, ota-onalar ishtirok etganlar.

 

image006

Instituti birinchi talabalari sifatida “Qasamyod” qabul qilish tadbiri lavhasi

 

Bu kun - oliy o‘quv yurtining birinchi qaldirg‘och talabalari va boshqa qatnashchilari xotirasida unutilmas tarixiy kun bo‘lib qolgan.

1991- yilda institutda davolash, 1992-1993- o‘quv yilidan stomatologiya fakultetlari faoliyat ko‘rsata boshlagan.

O‘quv yurti tashkiliy ishlarining tobora keng miqyosda yo‘lga qo‘yilishida rahbar xodimlarning tashabbuskorligi muhim ahamiyat kasb etadi. Ma’muriy va xo‘jalik ishlari bo‘yicha prorektor X.S. Gaffarov, o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Sh.T. Salimov, iqtisod va kapital qurilish ishlari bo‘yicha prorektor U.A. Asadov, davolash ishlari bo‘yicha prorektor B.K. Rasulov, kadrlar bo‘limi boshlig‘i F.E. Rahimov, bosh hisobchi M.X. Shamsiyev serqirra tashkiliy ishlarda faollik va uyushqoqlik ko‘rsatganlar.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining 1990- yil 19- sentyardagi 358-raqamli qaroriga asosan institut huzurida tayyorlov bo‘limi tashkil etilgan va dotsent M. Sottiqulov dekan etib tayinlangan. Qisqa vaqt ichida tayyorlov bo‘limi o‘quv jarayoniga tayyorlandi hamda Buxoro, Qashqadaryo, Xorazm, Surxandaryo va boshqa viloyatlardan 200 nafar tinglovchi tanlov asosida qabul qilingan.

Bo‘limda o‘quv ta’lim-tarbiya jarayoni namunali darajada joriy etilgan. O‘qituvchilar tomonidan fizika, ximiya va ona tili fanlaridan bir qator o‘quv qo‘llanmalari chop ettirilgan. Shu bilan birga tayyorlov bo‘limi jamoasi o‘quv yurti tashkiliy ishlarining faollashuviga ko‘maklashgan.

Shu bilan birga bu davrda yetuk shifokor mutaxassislar tayyorlashning poydevori sifatida viloyatning Jondor tumanida tibbiy biologik yo‘nalishda uch yillik litsey tashkil etilgan. Unda o‘quv-tarbiya ishlari institut professor-o‘qituvchilari tomonidan tuzilgan dasturlar asosida olib borilgan.

1992-1993 o‘quv yili sentyabrida kafedralar soni 24 taga yetgan. Institut tashkil etilgan dastlabki yillarda quyidagi kafedralar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan va ularga yetakchi professor-o‘qituvchilar rahbarlik qilgan.

 

“Umumiy va biorganik kimyo” kafedrasi mudiri, dotsent M.R.Amonov,

“Tibbiy biologiya va irsiyot” kafedrasi mudiri professor T.Boymurodov,

“Tibbiy va biologik fizika” kafedrasi mudiri D.D.Jo‘rayev,

“Biologik kimyo” kafedrasi mudiri, biologiya fanlari doktori N.A.Rahmatov,

“Tillar” kafedrasi mutasaddilari, dotsentlar Yo.H.Hamroyev, N.Naimovlar,

“Normal anatomik” kafedrasi mudiri, dotsent K.R.Ochilov,

“Umumiy jarrohlik” kafedrasi mudiri tibbiyot fanlari doktori B.R.Bobojonov,

“Mikrobiologiya va immunologiya” kafedrasi mudiri, biologiya fanlari doktori M.B.Kamolov,

“Umumiy gigiyena” kafedrasi mudiri, dotsent O‘.X.Hasanov

“Gistologiya” kafedrasi mudiri, dotsent R.D.Davronov,

“Normal fiziologiya” kafedrasi mudiri, dotsent O.B.Boltayev,

“Xastalik fiziologiyasi” kafedrasi mudiri, dotsent M.X.Axmedov,

“Ichki kasalliklar” propedevtikasi kafedrasi mudiri, dotsent I.U.O‘roqov,

“Sog‘liqni saqlashni tashkil qilish” kafedrasi mudiri, dotsent R.K.Boltaboyev,

“Farmakologiya kafedrasi” mudiri, dotsent T.K.Karimov,

“Falsafa kafedrasi” mudiri, f.f.d. X.H.Mahmudov,

“Jismoniy tarbiya” kafedrasi mudiri, dotsent X.N.Rajabov va boshqalar institut poydevorini qurganlar sifatida haqli ravishda joy olganlardir.

 

1995-1996- yillarda institut rektori vazifasini tibbiyot fanlari doktori, professor Rauf Yuldoshevich Omirov vaqtincha bajarib, oliygohda ta’lim-tarbiya ishlarini takomillashtirishga munosib hissa qo‘shgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan 1996- yilda institut rektori ilmiy ishlar prorektori bo‘lib ishlab kelayotgan hamda “Fakultet va gospital xirurgiya” kafedrasi mudiri, Rahmat Mahmudovich Axmedov rektor etib tayinlangan va 1996-2012- yillar ya’ni 16 yil rahbarlik qilgan.

Institutga 2012- yil 6- iyuldan tibbiyot fanlari doktori Toxir Askarovich Askarov rektor etib tayinlangan va 2017 yil mart oyiga qadar rahbarlik qilgan.

2017- yil iyundan tibbiyot fanlari doktori, professor Amrillo Shodiyevich Inoyatov rektor etib tayinlangan. Bugungi kunda A.Sh. Inoyatov institut rahbari sifatida quyidagi ustivor yo‘nalishlarni asosida o‘z faoliyatini olib bormoqda.

Institutning shakllanish va rivojlanish yo‘liga nazar tashlasak, 1991- yilda mazkur oliygohda faqat birgina yo‘nalish – davolash ishi o‘qitilgan bo‘lsa, keyinchalik 4 ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashga erishilgan ya’ni 1992- yildan stomatologiya, 1999- yilda Oliy hamshiralik ishi, 2001- yildan tibbiy-pedagogika ishi yo‘nalishi tashkil etilgan. 2017- yildan pediatriya, 2018- yildan tibbiy profilaktika hamda tibbiy. ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha jami ayni paytda 7 ta bakalavriyat hamda 11 ta magistratura va 40 dan ortiq klinik ordinatura yo‘nalishlarida kadrlar tayyorlanmoqda.

Oliygohning tamal toshini qo‘ygan, uning ertasini o‘ylagan va nomini jahonga mashhur qilgan qanchadan-qancha insonlar taqdiri va tarixini o‘rganmoq biz uchun ham qarz, ham farzdir. O‘z hayotini ushbu dargoh bilan bog‘lagan ustozlarning ilmiy va ma’naviy kamolot sari bosib o‘tgan ibratli yo‘lidan saboq chiqarish va ulardan yosh avlodni tarbiyalashda unumli foydalanishimiz zarur.

Tibbiyot institutida ham chorak asrdan ortiq yilda ko‘zga ko‘rinadigan ulkan ishlar amalga oshirilgan. Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida malakali kadrlarni yetkazib bermoqda.

Institutning tarixan qisqa faoliyati davomida jami 8500 dan ortiq, shundan 5448 nafar davolash ishi, 2510 nafar stomotologiya, 507 nafar tibbiy pedagogika hamda 322 nafar oliy hamshiralik ishi yo‘nalishlarida oliy ma’lumotli shifokor kadrlar tayyorlangan.

Ayni paytda ushbu bitiruvchilarimizning 184 nafari xorijiy mamlakatlarning yetakchi ilmiy markazlari va klinikalarida faoliyat olib bormoqdalar.

Ushbu bitiruvchilarning 8 nafari fan doktori, 71 nafari fan nomzodi, 30 dan ortig‘i respublika miqyosidagi ilmiy markazlarida rahbarlik lavozimlarida, 270 dan ortiq sobiq talabalar viloyat va tuman sog‘liqni saqlash muassalarida bosh vrach va bo‘lim boshliqlari lavozimlarida faoliyat olib bormoqda.

Institutda mamlakatimizda birinchilardan bo‘lib, 2004- yilda “Masofadan o‘qitish markazi” tashkil etilgan. Mazkur tizim yordamida Prezident asarlarini o‘zganish yuzasidan Guliston davlat universiteti Toshkentdagi oliy o‘quv muassasalari bilan videokonferensiyalar, telemuloqotlar o‘tkazilgan.

Istiqlol sharofati bilan bugungi kunda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining nafaqat respublikamizda, balki xalqaro miqyosda ham nufuzi ortib borayotganligi, ilm-fan va ta’lim sohasida erishayotgan muvaffaqiyatlarini ko‘rish va eshitish qalbi u bilan tutash har bir insonga zavq ulashishi, shubhasiz.

Mustaqillik yillarida tarixiy meros va an’analarga umumbashariy qadriyatlar nuqtai nazaridan qarash, o‘rganish va baholash etik-estetik tamoyil sifatida shakllandiki, ushbu kitobning yaratilishini ham bevosita shuning natijasi deb qarash mumkin. Zero, ilm va ma’rifat o‘choqlari – oliygohlarning shonli sanalarini nishonlashga, ularning tarixini yaratishga e’tibor qaratish yoshlarning ilm-fanga, bilim olishga havasini yanada o‘stiradi.

Davlatimiz mustaqilligining tengdoshi bo‘lgan Buxoro davlat tibbiyot institutining hozirgi faoliyatini teran tahlil qilish, albatta, uning kelajak uchun istiqbol rejalarini belgilab olish imkonini beradi. Qolaversa, o‘tmish tarixga nazar tashlash, istiqlol davridagi tarixiy yangilanishlarning ildizini teran anglash, erksevar va bunyodkor, ilmparvar ajdodlarimiz an’analarini chuqur o‘rganish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan islohotlarda tibbiyot oliy ta’lim dargohlarining o‘rni va rolini his etish, buni yosh avlodga ham uqtirish uchun keng yo‘l ochadi.

Xalqimizning madaniy-ma’rifiy hamda ma’naviy jihatdan yuksalishiga ko‘p yillardan buyon ulkan hissa qo‘shib kelayotgan Buxoro davlat tibbiyot instituti Buxoro vohasi, qolaversa, butun respublikamiz ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy-ma’naviy hayotida o‘z o‘rniga ega.

Institutga shu kunga qadar quyidagi insonlar rahbarlik qilishgan:

 

image008

Akram Ibragimovich Mo‘minov
Professor
1990-1996- yillar

 

image009

Rahmat Mahmudovich Axmedov
Professor
1996-2012- yillar

 

image011

Toxir Askarovich Askarov
Professor
2012-2017- yillarda

 

image013

Amrillo Shodiyevich Inoyatov
Professor
2017- yildan h.v.

 

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutiga oid dastlabki risola quyida havola etilmoqda

© 2018 Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti. Barcha huquqlar himoyalangan. Ushbu web saytda barcha materiallar mualliflik huquqi va turdosh huquqlar, shu jumladan, O'zbekiston Respublikasi qonunlari tomonidan himoyalangan. Buxoro davlat tibbiyot instituti saytidagi ma'lumotlardan foydalanilganda saytga ilova qilish majburiy hisoblanadi.

Flag Counter