BuxDTI matbuot xizmati

Buxoro davlat tibbiyot instituti Turkiyaning yana bir universiteti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi

f8b9f30352863a9053698

Buxoro davlat tibbiyot instituti Turkiyaning yana bir universiteti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatdi

Ma’lumki, Turkiya ta’lim tizimi dunyoda yetakchi o‘rinlardan birini egallaydi. Ayniqsa, tibbiyotda yuqori texnologik operatsiyalar, shoshilinch tibbiy yordam, tibbiy sug‘urta, raqamli tibbiyot, farmasevtika kabi qator yo‘nalishlarda ushbu qardosh mamlakatdan o‘rganadigan jihatlarimiz ko‘p. Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimi ham savdo va turizm yo‘nalishi singari Turkiya bilan aloqalari muntazam olib borilmoqda. Shu kunlarda Toshkent shahridan har kuni to‘rtta viloyatdan esa haftada uch kun aviaqatnovlarning amalga oshirilishi fikrimizning yorqin dalilidir. O‘tgan hafatadan boshlab Buxorodan Istambulga haftasiga ikki marta reys amalga oshirilishi ham ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarning kelajagidan dalolat. 

Bugun Buxoro davlat tibbiyot institutiga Turkiyaning Bolu Abant Izzet Baysal universiteti rektori doktor Mustafa Alisharli boshchiligidagi guruh tarif buyurdi.

Turkiyaning eng ko‘zga ko‘ringan universitetlaridan biri bo‘lgan Bolu Abant Izzet Baysal universiteti 1992 yilda tashkil etilgan bo‘lib, jadal rivojlanayotgan ta’lim muassasalaridan biri sanaladi. Bolu shahar markazida va besh tumanda (Gerede, Mengen, Mudurnu, Yenichaga va Seben) kampuslarga ega. Universitetning markaziy kampusi bo‘lgan Izzet Baysal kampusi Bolu shahar markazidan 8 km uzoqlikda, Go‘lko‘yda, noyob tabiat go‘zalligi ichida joylashgan.

Hozirda mazkur universitetda 17 fakultet, 1ta institut, 1 ta kollej, 8ta  kasb-hunar kolleji va 19 ilmiy markaz faoliyat ko‘rsatmoqda. Universitetning ushbu bo‘linmalarida faoliyat yuritayotgan 1586 nafar professor-o‘qituvchilar va 1125 nafar ma’muriy xodimlar qariyb 32 ming nafar talaba tahsil olmoqda.

Universitetda tibbiyot sohasiga tegishli Stomatologiya, Davolash ishi va Sog‘liqni saqlash fanlari fakulteti  mavjud. Shuningdek, “Hamshiralik ishi”, “Fizioterapiya va reabilitatsiya”, “Ovqatlanish va dietologiya”, “Gerontologiya”, “Bolalarni rivojlantirish”, “Ortopediya-protezlash”, “Ofiyat va shoshilinch tibbiy yordam” yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriat yo‘nalishlari mavjud

Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Sh.Teshaev va Bolu Abant Izzet Baysal universiteti rektori doktor Mustafa Alisharliikki ta’lim muassasi o‘rtasida tuzilgan hamkorlik memoriandumini imzolashdi. Endilikda mazkur ta’lim dargohlari o‘rtasida akademik mobillik, qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etish, talabalar va o‘qituvchilarning malaka oshirish kabi masalalarda hamkorlik aloqalari o‘rnatildi.