BuxDTI matbuot xizmati

Buxoroda davlat gerbi qabul qilingan kun nishonlandi

2d685c892e6c08963822c

Buxoroda davlat gerbi qabul qilingan kun nishonlandi

Mana, 30 yildirki mamlakatimizda 2 iyul sanasi O‘zbekiston Respublikasining davlat gerbi qabul qilingan kun sifatida nishonlab kelinmoqda. O‘tgan vaqt davomida davlat gerbi boshqa ramzlarimiz kabi yurtdoshlarimiz ko‘nglidan chuqur joy egalladi. Bugungi kunda yoshlar sport, ilm-fan va xalqaro darajadagi tadbirlarda yuksak natijalarni qo‘lga kiritib jahon arenalarining yuqori shohsupalarini zabt etmoqda. Bu kabi yuksak yutuqlarning nishonlanish jarayonlarida ularning yonida doimiy ravishda davlatimizning boshqa ramzlari kabi gerbimiz tushirilgan sport formalari, targ‘ibot materiallarining bo‘lishi esa ushbu hayajonli damlarda yoshlarimizga ulkan madad kuchi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Davlat gerbi O‘zbekistoning siyosiy, milliy, geografik, etnik va boshqa o‘ziga xos xususiyatlari, boy tarixiy an’analarini ifodalaydi. Shu boisdan ham bugun gerbimiz nafaqat bizning balki, ko‘plab millat va elatlar ko‘nglidan ham chuqur joy egallagan. Undagi har bir timsol milliy an’ana va qadriyatlarimizning boqiyligi, ma’naviyatimiz yuksakligi, iroda va e’tiqodimiz mustahkamligi ramzidir.

Xususan, iftixorimiz ramzi bo‘lmish gerbimizda gullagan vodiy uzra charaqlab turgan quyosh, so‘l tomonida joylashgan bug‘doy boshoqlari, o‘ng tomonida esa ochilgan paxta chanoqlari suvrati o‘zida o‘zbek xalqining mehnatkash dehqonlari mehnati ulug‘vorligini namoyon etgan.

Gerbning yuqori qismida respublikamiz jipsligining ramzi sifatida sakkiz qirrali yulduz tasvirlangan. Ushbu sakkiz qirrali yulduzga hamohang tarzda esa, musulmonlarning qutlug‘ ramzi bo‘lgan yarim oy va yulduzlar joylashtirilgan.

Gerbning markazida himmat, oliyjanoblik va fidoyilik timsoli bo‘lgan afsonaviy Humo qushi qanotlarini yozib turibdi. Ushbu ramz va timsollar xalqimizning tinchlik, yaxshilik, baxt-saodat, farovonlik yo‘lidagi orzu-umidlarini ifodalaydi. Gerbning pastki qismida respublika Davlat bayrog‘ini ifoda etuvchi chambar lenta ichida esa “O‘zbekiston” so‘zi tasvirlangan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, aytish mumkinki gerbimiz o‘zida xalqimizning boy tarixi, hozirgi shukrona kunlari va porloq kelajagini akas ettirgan davlatchiligimizning ajralmas qismi sifatida ifodalangan.

Bugun, 2 iyul kuni Buxoroda “Olamni mahliyo aylagan diyor” shiori ostida bo‘lib o‘tgan tadbirda ayni shu fikrlar alohida tilga olindi.

Bayram tadbirida taniqli olimlar, shoir va yozuvchilar, san’at va madaniyat namoyandalari, Mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti rahbar-xodimlari, respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi, jamoatchilik vakillari va yoshlar ishtirok etishdi.

Tadbir avvalida O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, shuningdek, shahar va tumanlar o‘quv sport texnika klublari tomonidan targ‘ibot avtokarvoni tashkil etildi.

Bayram tantanasida e’tirof etilganidek, davlat ramzlari vatanparvarlik fazilatini shakllantiruvchi, shu aziz yurtimizni jonu dildan sevishga undovchi muhim vositadir.

Tadbirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov so‘zga chiqdi va yig‘ilganlarni samimiy qutladi.