BuxDTI matbuot xizmati

Buxoroda “Turkiya stipendiyalari” dasturi taqdimoti o‘tkazildi

photo_2022-12-20_16-32-16

Buxoroda “Turkiya stipendiyalari” dasturi taqdimoti o‘tkazildi

Kecha, 16 dekabr kuni BuxDUda Turkiya Respublikasining Xorijdagi turklar va qavm jamiyatlar idorasi delegatsiyasi tashrif buyurdi.

Tashrifdan doirasidagi uchrashuvda viloyatimiz oliy taʼlim muassasalaridagi yuqori kurs talabalari, yosh o‘qituvchilar va tadqiqotchilar uchun “Turkiya stipendiyalari” dasturining taqdimotini o‘tkazishdi. Uchrashuvda Buxoro davlat tibbiyot instituti vakillari, talaba yoshlar ishtirok etishdi.

Aytib o‘tish joizki, ushbu dastur Turkiyaning yetakchi universitetlarida taʼlim olish va tadqiqotlar olib borish bilan bog‘liq jarayonlarni moliyalashtiradi.

Ushbu dastur 1960-yillardan boshlab Turkiyaga xorijlik talabalarni jalb qilish maqsadida amalga oshirib kelingan va 2010 yildan boshlab Xorijdagi turklar va qavm jamiyatlar idorasi tomonidan “Turkiya stipendiyalari” nomi ostida yuritilmoqda. Maʼlum qilinishicha, hozirga qadar 171 ta mamlakatdan 165 ming nafardan ortiq talaba ushbu dastur stipendiyalaridan foydalangan.
Har yili taxminan 5 ming nafar nomzod bakalavriat, magistratura, doktorantura va qisqa muddatli ilmiy tadqiqotlar uchun tanlab olinadi. Barcha xarajatlar dastur tomonidan qoplanadi.

Delegatsiya aʼzolari dasturning taqdimotidan so‘ng ishtirokchilarning savollariga javob berishdi.
“Turkiya stipendiyalari” dasturiga ariza topshirish har yilning 10 yanvar-20 fevral davrida onlayn ravishda amalga oshiriladi. Qo‘shimcha maʼlumotlar uchun: www.turkiyeburslari.gov.tr