BuxDTI matbuot xizmati

Eng katta boylik — aql-zakovat, eng katta qashshoqlik esa — bilimsizlikdir

67139007ecb299ddcb29d

Eng katta boylik — aql-zakovat, eng katta qashshoqlik esa — bilimsizlikdir

Bugun Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligida yoshlarni ilm-fan sohasiga keng jalb etish, ular tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishlari uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2019 yildan buyon an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan «Yangi O‘zbekistonning iste’dodli yoshlari» nomli ilmiy-innovatsion ishlanmalar respublika tanlovi g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Unda 5 ta yo‘nalishda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 15 nafar bo‘lajak olimlar vazir Abduqodir Toshqulov hamda «Ulug‘bek» jamg‘armasi raisi Oqil Salimov tomonidan munosib taqdirlandi.

So‘zga chiqqanlar bugun ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanayotgan iqtidorli yosh tadqiqotchilar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida so‘zlab, bu kabi tanlovlar ularning ilmiy faoliyatlarida olg‘a yurishlari uchun turtki bo‘lishi, bugungi natijalar bilan to‘xtab qolmasliklarini qayd etdilar.

Avvalo, bugungi muvaffaqiyat bilan barchangizni chin dildan tabriklayman! Bilaman, bu kabi tadbirlarni ko‘proq tashkil qilib, ularni yurtimizning har bir chekka hududigacha yetib boradigan darajada targ‘ib qilishimiz kerak. Ana shundagina qishloqlardan ham bilimga chanqoq ko‘plab yoshlarimizni ilmga jalb qilgan, yosh olimlar yetishib chiqishiga zamin yaratgan bo‘lamiz. Zero, tarix guvoh taniqli ulamolar va yetuk olimlar chekka hududlardan yetishib chiqqan, – dedi vazir.

Tanlovga 51 ta oliy ta’lim muassasalaridan jami 246 ta ishlanma taqdim etilgan bo‘lib, shundan 108 tasi mustaqil tadqiqotchilar, 39 tasi doktorantlar, 71 tasi bakalavriat va 28 tasi magistratura talabalari tomonidan yaratilgan ishlanmalar.

Tanlovga taqdim etilgan hujjatlar va materiallar Ekspertlar guruhi tomonidan ko‘rib chiqilib, ishlanmaning ilmiy yangiligi; qo‘llanilish sohasining dolzarbligi; texnik-iqtisodiy tavsifi to‘g‘risidagi ma’lumotlarning mavjudligi; ishlanmani yaratish bo‘yicha publikatsiyalar; ishlanmaning sinov-namunasi nusxasi yoki ishlab chiqarishga tayyorlangan chizmalari mavjudligi mezonlari asosida baholandi.

Baholash yakuniga ko‘ra, yuqorida keltirilgan 5 ta yo‘nalishning har biri bo‘yicha 1-, 2-, 3-o‘rinlar uchun 15 nafar g‘olib aniqlandi.

Tanlov g‘oliblariga pul mukofotlari va maxsus diplomlarni shaxsan vazir Abduqodir Toshqulov hamda «Ulug‘bek» jamg‘armasi raisi Oqil Salimovning o‘zi topshirdi.

5 nafar 1-o‘rinni egallagan g‘oliblarning har biri 30 mln so‘mdan;

5 nafar 2-o‘rinni egallagan g‘oliblarning har biri 20 mln so‘mdan;

5 nafar 3-o‘rinni egallagan g‘oliblarning har biri 10 mln so‘mdan pul mukofotlari bilan taqdirlandi.