BuxDTI matbuot xizmati

Institutda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkillashtirildi

561bcfaf918fce480924f

Institutda xalqaro ilmiy-amaliy anjuman tashkillashtirildi

Buxoro viloyati hokimligi Turizm va sport boshqarmasi,  Sog‘liqni saqlash boshqarmasi va Buxoro davlat tibbiyot instituti hamkorligida onlayn platformada  tashkil etilgan “Ibn Sinoning hayoti va “Tib qonunlari” ilmiy merosining tadqiqotlari” mavzuida xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ko‘plab mamlakatlardan tibbiyot sohasining yetakchi olimlari va mutaxassislari qatnashdi. Anjumanni Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori professor Shuhrat Teshaev kirish so‘zi bilan ochib, ishtirokchilarni samimiy qutladi.

O‘zbekiston zamini jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan allomalarga beshik bo‘lgan. Abu Ali ibn Sino shunday zotlardan biri. Dunyoda benazir qomusiy olim sifatida tanilgan bu allomani tibbiyot ilmining sultoni, deb bilishadi.

Ma’lumotlarga qaraganda daho ajdodimiz turli fanlarga taalluqli 450 dan ziyod, jumladan tibbiyotga oid 43 ta asar yaratgan. Ammo ularning atigi 160 tasi bizgacha yetib kelgan.Tibbiyotga oid asarlarining eng mashhuri besh kitobdan iborat “Tib qonunlari”dir. Bu asar qariyb 8 asr mobaynida Yevropadagi universitetlarda tibbiyot ta’limi yo‘nalishida darslik sifatida o‘qitilib kelingan. “Tib qonunlari” yaratilganiga necha yuz yillab vaqt o‘tganiga qaramay, hozirda ham ulkan ilmiy va amaliy ahamiyatga ega. U bugungi tibbiyotning istalgan sohasi uchun o‘ziga xos qo‘llanma hisoblanadi.

Anjumanda mamlakatimiz va Rossiya Federatsiyasi tibbiyot tizimi olimlari, talaba yoshlar va jamoatchilik vakillari ishtirpok etishdi.

Ta’kidlash joizki, mazkur anjuman noyabr oyida Buxoroda bo‘lib o‘tadigan XI Xalqaro Ibn Sino o‘qishlari an’anaviy anjumaniga tayyorgarlik vazifasini o‘tamoqda.  24-27 noyabr kunlari bo‘lib o‘tishi kutilayotgan xalqaro anjumanda dunyoning 20dan ortiq davlatlaridan nufuzli mehmonlar, akademik va professorlar qatnashishi kutilmoqda.