BuxDTI matbuot xizmati

“Kontrakt”da o‘qiydigan talabalar uchun katta soliq imtiyozi bor. Bilasizmi?

деньги

“Kontrakt”da o‘qiydigan talabalar uchun katta soliq imtiyozi bor. Bilasizmi?

O‘zbekistonda «kontrakt» uchun to‘lov soliqqa tortilmaydi. Bu haqda Davlat soliq xizmati xabar berdi.

Aholining O‘zbekiston professional va oliy ta’lim tashkilotlariga o‘zining, shuningdek 26 yoshga to‘lmagan farzandlarining yoki turmush o‘rtog‘ining ta’lim olishi uchun yo‘naltirgan ish haqi va boshqa daromadlari soliqqa tortilmaydi.

Mazkur imtiyoz o‘qish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan ta’lim kreditlarini foizlari bilan qoplash uchun ham qo‘llaniladi.

Ta’lim uchun yoki olingan ta’lim kreditini qoplash uchun mablag‘larni professional va oliy ta’lim tashkilotlariga yoki tijorat bankiga ish beruvchi tomonidan o‘tkazib berilishi va bu mablag‘larga soliq solinmasligi uchun ariza bilan ish beruvchiga murojaat etish kerak.

Bunda, quyidagi hujjatlar ilova qilinishi kerak:

talaba bilan O‘zbekiston professional yoki oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma nusxasi;

bank bilan ta’lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma nusxasi.

Agar oldingi yillarda ishlagan, shartnoma summasini mustaqil ravishda to‘lagan shaxslar doimiy yashash joyidagi soliq organiga jami yillik daromadi to‘g‘risidagi deklaratsiya va quyidagi hujjatlarni topshirish orqali to‘langan daromad solig‘ini qaytarishi mumkin:

talaba bilan O‘zbekiston professional yoki oliy ta’lim tashkilotlari o‘rtasida to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish to‘g‘risida tuzilgan shartnoma nusxasi;

bank bilan ta’lim kreditini olish uchun tuzilgan shartnoma nusxasi;

O‘zbekiston professional va oliy ta’lim tashkilotlari hisob raqamiga pul mablag‘larini mustaqil to‘laganligini tasdiqlovchi hujjatlar nusxasi.

Agar ta’lim uchun yo‘naltirilgan mablag‘lar miqdori jami yillik daromaddan ortiq bo‘lsa, boshqa oila a’zosi (ota/ona, er/xotin) soliq to‘langan summaning qolgan qismidan olingan daromad solig‘ini xuddi shu tarzda qaytarishi mumkin.

Bunda, u avval imtiyoz qo‘llanilgan summa miqdori to‘g‘risidagi ma’lumotnoma taqdim etishi kerak.

Agar siz va sizning oila a’zolaringiz turli hududlardagi davlat soliq organlarida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lsangiz, u holda imtiyozni qo‘llamoqchi bo‘lgan shaxs boshqa hujjatlar bilan birga oilaning qolgan a’zolari ushbu imtiyozni hali qo‘llamaganligi to‘g‘risida ma’lumotnoma taqdim etadi.