MAQSADLI HAMKORLIK. O‘ZBEKISTON – KOREYA
25.04.2023 2023-04-27 10:19MAQSADLI HAMKORLIK. O‘ZBEKISTON – KOREYA
O‘ZBEKISTONDA ULTRATOVUSH XIRURGLARI ASSOTSIATSIYASI TASHKIL ETILDI.
2023 yining 24 aprel kuni poytaxtimizda yana bir xalqaro hamkorlikka bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbirda Osiyo ultratovush xirurglar Assotsiatsiyasi bilan O‘zbekiston ultratovush xirurglar assotsiatsiyasi o‘rtasida maqsadli memorandum imzolandi.
Ta’kidlash muhimki, Osiyo ultratovush xirurglar Assotsiatsiyasi 2018 yilda Janubiy Koreyaning Seul shahrida Osiyo ultratovush xirurglar Assotsiatsiyasi prezidenti, Koreyaning Katolik Universitetining xirurgiya kafedrasi faxrli professori Il Yong Park tomonidan tashkil qilingan. Mazkur assotsiatsiyaga Koreya, Xitoy, Yaponiya va Osiyo davlatlaridan 400 dan ortiq xirurg professor — olimlar a’zo bo‘lganlar.
Aytish lozimki, hamkorlarning asosiy tashriflaridan maqsad, O‘zbekistonda ultratovush xirurglar Assotsiatsiyasi prezidentini tayinlash va ilmiy anjumanlar o‘tkazish, shuningdek, O‘zbekistonda ultratovush xirurglar assotsiatsiyasi va Osiyo ultratovush xirurglar assotsiatsiyasi o‘rtasida hamkorlik memorandumini tuzish va imzolashdan iborat bo‘ldi. Albatta, maqsadli hamkorlik quyidagi muhim vazifalarni o‘z ichiga olgan.
Yangi ilg‘or texnologiyalarni ishlab chiqish va klinik amaliyotlarda bemorlarni sog‘aytirish va reabilitatsiya qilishda qo‘llash hamda o‘zaro tajriba almashish. Yo‘nalish bo‘yicha sog‘lomlashtirish turizmini yo‘lga qo‘yish. O‘zaro ilmiy anjuman, seminar hamda klinik maslahatlarni olib borish. Ilmiy ma’lumotlar, ilmiy maqola va adabiyotlar bilan o‘zaro fikrlashib, tajribalarni boyitish. Memorandum asosida tuzilgan loyihalarni amaliyotga qo‘llash choralarini ishlab chiqish hamda o‘zaro doimiy maslahatlarni yo‘lga qo‘yishdan iboratdir.
Bo‘lib o‘tgan hamkorlik yig‘ilishida Osiyo ultratovush xirurglar assotsiatsiyasi prezidenti, Koreyaning Katolik Universitetining xirurgiya kafedrasi faxriy professori Il Yong Park. Mazkur assotsiatsiya prezidenti sekritari, Koreya universiteti professori Hay Link Park, assotsiatsiyaning direktori, Koreyaning Katolik universiteti professori Sang Seob Yong assotsiatsiya direktori yordamchisi Mongoliyadagi Sikhbattor klinikasi direktori Bat Reedbu Purevbaatar ishtirok eishdi. Shu bilan birga yurtimiz tibbiyot muassasalarida faoliyat olib borayotgan xirurglar ham qatnashishdi. Yig‘ilishda mamlakatimizga tashrif buyurgan mazkur assotsiatsiyaning vakillari so‘zga chiqib, samimiy tabriklarini izhor etib, maqsadli hamkorlik to‘g‘risida o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi. O‘zbekiston ultratovush xirurglari assotsiatsiyasi prezidenti, Buxoro Davlat tibbiyot instituti dekani, professor Bahodir Safoev so‘zga chiqib, mazkur assotsiatsiya bilan besh yildan buyon hamkorlik borasida olib borilgan ishlarga to‘xtalib, ishtirokchilarga o‘zi taqdimotini havola etdi. Shuningdek, Osiyo ultratovush xirurglari assotsiatsiyasi vakillarining har biri mavzu doirasidan kelib chiqqan holda faoliyatlarida qo‘llangan amaliyotlarni slayd va videolavhalar sosida izohlab, ma’ruza qildilar.
Tadbir yakunida Osiyo ultratovush xirurglar assotsiatsiyasi prezidenti Il Yong Park va O‘zbekiston ultratovush xirurglar assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Safoev o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Xulosa o‘rnida aytish joizki, bunday o‘zaro xalqaro hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona hamkorlik rishtalarini mustahkamlash bilan birga, insonlar salomatligin muhofaza qilish, shuningdek, tibbiyot xodimlarining malakasini oshirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.