BuxDTI matbuot xizmati

Rasmiy munosabat

cropped-logo_250x250.png

Rasmiy munosabat

Ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro davlat tibbiyot instituti rektorining noqonuniy topshiriq xati asosida respublikaning boshqa oliy ta’lim muassasalarida tahsil oluvchi bir necha talabalar Buxoro va Navoiy viloyatlarida doimiy ro‘yxatda turishi ro‘kach qilinib, mazkur institutga shartnoma asosida o‘qishi ko‘chirilgani haqida xabarlar tarqaldi.

Mazkur holat yuzasidan Buxoro davlat tibbiyot instituti quyidagilarni ma’lum qiladi.

Prezidentimizning 2021 yil 22 iyundagi “2021/2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasining oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilishning davlat buyurtmasi parametrlari to‘g‘risida”gi qarori 7-bandining “v” kichik bandiga ko‘ra, talabalar o‘qishini O‘zbekiston Respublikasining bir hududida joylashgan davlat oliy ta’lim muassasasidan boshqa hududidagi davlat oliy ta’lim muassasasiga ko‘chirishga qo‘yilgan talablar belgilangan.

Biroq hozir bir hududdan ikkinchi hududga davlat oliy tibbiyot ta’lim muassasasiga ko‘chirish istagini bildirgan, o‘qishni mos va turdosh ta’lim yo‘nalishlariga ko‘chirishga uzrli sabablaridan biri bor bo‘lgan talabalar mavjud bo‘lgan holda, ularning doimiy yashash hududi hisoblangan Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Qashqadaryo, Navoiy, Namangan viloyatlarida oliy tibbiyot ta’lim muassasasalari mavjud emas.

Shunga ko‘ra, ushbu hududlarga doimiy yashash uchun boshqa hududlardan ko‘chib kelayotgan talabalar o‘qishini yaqin joylashgan hududdagi oliy tibbiyot ta’lim muassasalariga tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi uchun belgilangan tabaqalashtirilgan to‘lov-kontraktning minimal miqdoriga teng bo‘lgan bir martalik to‘lov asosida amalga oshirilishi talab qilingan va ushbu holat bir qancha talabalarning e’tirozlariga sabab bo‘layotgan edi.

Shu sababli fuqarolarning bu masala bo‘yicha jamoaviy murojaatlari Vazirlar Mahkamasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ul rahbar va xodimlari tomonidan atroflicha o‘rganildi.

Yuqoridagilarni inobatga olgan holda, istisno tariqasida, ayrim talabalarga quyidagi oliy ta’lim muassasalariga bazaviy kontrakt to‘lov asosida o‘qishga qabul qilish belgilangan.

Ya’ni:

— Toshkent, Sirdaryo viloyatlari hududiga (Toshkent shahridagi tibbiyot oliy ta’lim muassasalariga),

— Navoiy viloyati hududiga (Buxoro davlat tibbiyot institutiga),

— Qashqadaryo, Navoiy, Jizzax viloyatlari hududiga (Samarqand davlat tibbiyot institutiga),

— Namangan viloyati hududiga (Andijon davlat tibbiyot instituti va Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot institutiga),

— Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiga (Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialiga).

Ushbu imkoniyatdan o‘zining doimiy yashash joyiga qaytib kelayotgan (shu jumladan, boquvchisini yo‘qotganlar hamda maqsadli qabul ko‘rsatkichlariga asosan talabalikka tavsiya etilganlar, bunda maqsadli qabul ko‘rsatkichlarida belgilangan viloyat (tuman, shahar)da bitirgandan so‘ng ishlab berish majburiyati saqlanadi), doimiy yashash uchun ko‘chib o‘tgan, turmush o‘rtog‘i yoki ota-onasining mehnat faoliyatini amalga oshirish joyi ushbu hududlarga o‘zgartirilgan, nikoh tuzgandan keyin turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan ushbu hududlarga ko‘chib o‘tgan talabalar foydalanishlari ko‘zda tutilgan.