Me’yoriy hujjatlar

Me’yoriy hujjatlar

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori

Tibbiyot kadrlarini tayyorlashni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 29-martdagi PQ-2857-son va “O‘zbekiston Respublikasida tibbiy ta’lim tizimini yanada isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 5-maydagi PQ-2956-son qarorlari ijrosini ta’minlash hamda tibbiyot xodimlarining uzluksiz kasbiy ta’lim tizimini yanada takomillashtirish, sog‘liqni saqlash tizimi organlari va muassasalarining malakali tibbiyot kadrlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:

  1. Quyidagilar:

 Oldingi tahrirga qarang.

  Bakalavriatning alohida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida tahsil olgan oliy tibbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga ishga yo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq;

  oliy tibbiyot va farmatsevtika (“Sog‘liqni saqlash” ta’lim sohasi) bakalavriat yo‘nalishlari, magistratura, klinik ordinatura (rezidentura) va birlamchi maqsadli ixtisoslashtirish kurslari mutaxassisliklari bo‘yicha o‘quv rejalari tuzilmalari tegishlicha 2, 2a, 26 va 2v-ilovalarga muvofiq tasdiqlansin.

   (1-bandning ikkinchi-uchinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)

  2. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi ikki oy muddatda quyidagilarni:

  faoliyat yuritayotgan umumiy amaliyot shifokorlaridan tor mutaxassisliklar bo‘yicha tibbiyot kadrlarini bir yildan kam bo‘lmagan muddat davomida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risidagi nizomni;

  oliy tibbiy ta’lim muassasalarida ta’lim jarayonini tashkil etishning o‘ziga xos xususiyatlari hisobga olingan xolda, ularning professor va o‘qituvchilariga pedagogik yuklamaning vaqt me’yorlarini;

  o‘quv jarayonida oliy tibbiy ta’lim muassasalari klinikalari, ixtisoslashtirilgan, ilmiy-amaliy, ilmiy-tadqiqot institutlari, ilmiy markazlar va ularning filiallari, respublika va viloyat klinikalarining quvvatlari hamda resurslaridan maksimal darajada foydalanish inobatga olingan holda oliy tibbiy ta’lim muassasalarining klinikalari, klinik va o‘quv bazalari to‘g‘risidagi nizomni;

  o‘rta maxsus, kasb-hunar va oliy tibbiy ta’lim muassasalariga qabul qilishga to‘sqinlik qiluvchi tibbiy ko‘rsatmalar ro‘yxatini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda tasdiqlasin.

  3. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va Iqtisodiyot vazirligining 2017-2018 o‘quv yilidan boshlab, Toshkent tibbiyot akademiyasining Farg‘ona filiali faoliyatini bosqichma-bosqich tugatish va talabalarga filialda ta’lim olayotgan yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishini yakunlash imkonini berish haqidagi taklifiga rozilik berilsin.

  4. O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligiga manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda o‘zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni bir oy muddatda ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.

  5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri A.Q. Shadmanov zimmasiga va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Sog‘liqni saqlash, ekologiya, atrof-muhit muhofazasi, jismoniy madaniyat va sport masalalari bo‘yicha axborot-tahlil departamentiga yuklansin.

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV

Toshkent sh.,

2017-yil 27-sentabr,

769-son

Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 27-sentabrdagi 769-son qaroriga
1-ILOVA

 Oldingi tahrirga qarang.

  Bakalavriatning alohida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida tahsil olgan oliy tibbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalarga ishga yo‘llash tartibi to‘g‘risida

nizom

   (1-ilovaning nomi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)

  1-bob. Umumiy qoidalar

 Oldingi tahrirga qarang.

  1. Ushbu Nizom bakalavriatning alohida ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha davlat granti asosida tahsil olgan oliy tibbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini (keyingi o‘rinlarda bitiruvchilar deb ataladi) oilaviy shifokor punktlari va oilaviy poliklinikalariga (keyingi o‘rinlarda OShP va OP deb ataladi) ishga yo‘llash tartibini belgilaydi.

  2. Bitiruvchilar 2017/2018 o‘quv yilda bitirganlardan boshlab, keyinchalik doimiy yashash joyida majburiy tartibda ishlab berish uchun OShP va OPlarga taqsimlanadi.

  Tibbiyot oliy ta’lim muassasalari “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Kasbiy ta’lim (davolash ishi)” yo‘nalishlari bitiruvchilari yashash bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan qat’i nazar davlat granti asosida maqsadli qabul parametrlarida ko‘rsatilgan tuman (shahar)da majburiy tartibda ishlab berish uchun OShP va OPlarga taqsimlanadi.

  3. Oliy tibbiy ta’lim muassasalarining OShP va OPda majburiy ishlab berish uchun bitiruvchilar taqsimlanadigan bakalavriat yo‘nalishlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

  4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tuman (shahar)larida bitiruvchining majburiy ishlab berish muddati 3 yilni (36 oy) tashkil etadi.

  2020-2021 o‘quv yilidan boshlab tibbiyot oliy ta’lim muassasalari “Davolash ishi”, “Pediatriya ishi” va “Kasbiy ta’lim (davolash ishi)” yo‘nalishlari bitiruvchilarining majburiy ishlab berish muddati, yashash bo‘yicha ro‘yxatga olingan joyidan qat’i nazar davlat granti asosida maqsadli qabul parametrlarida ko‘rsatilgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining tuman (shahar)larida kamida 5 yilni (60 oy) tashkil etadi.

   (1 — 4-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)

  2-bob. Bitiruvchilarni majburiy ishlab berishga taqsimlash

  5. Bitiruvchilarni majburiy ishlab berish uchun taqsimlash, shuningdek majburiy ishlab berish jarayonini muvofiqlashtirish va nazorat qilish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida vazirlik xodimlari, sog‘liqni saqlash boshqarmasining hududiy organlari rahbarlari, oliy tibbiy ta’lim muassasalari va tibbiyot tashkilotlarining mas’uliyatli xodimlaridan iborat Komissiya (keyin o‘rinlarda Komissiya deb ataladi) tashkil etiladi.

  Komissiya tarkibi, shuningdek uning faoliyatini tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.

 Oldingi tahrirga qarang.

  6. Bitiruvchilar majburiy ishlab berishi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimliklari taqdim etgan shifokor kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj to‘g‘risida buyurtmanomalar va mavjud bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumotlar asosida Komissiya tomonidan har yili taqsimlanadi.

  Komissiya bitiruvchilarni OShP va OPdagi mavjud bo‘sh o‘rinlariga majburiy ishlab berish uchun taqsimlaydi.

   (20-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)

  7. Bitiruvchilarning majburiy ishlab berishining aniq muddatlari, joyi va sharoitlari, shuningdek ularning majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, oliy tibbiy ta’lim muassasasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimliklari hamda bitiruvchi o‘rtasida 4 nusxada tuziladigan shartnomada (keyingi o‘rinlarda shartnoma deb ataladi) belgilanadi.

  Shartnoma namunasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi.

 Oldingi tahrirga qarang.

  8. Oliy tibbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilar uchun yo‘llanmalarni tuzilgan shartnoma asosida respublika hududi va OShP yoki OPni aniq ko‘rsatgan holda rasmiylashtiradi.

  9. O‘qishni tugatgandan so‘ng magistratura yoki klinik ordinatura (rezidentura)ga o‘qishni davom ettirish uchun kirgan bitiruvchilar ta’lim shaklidan qat’i nazar (davlat granti yoki to‘lov-kontrakt asosida), majburiy ishlab berish uchun magistratura va klinik ordinatura (rezidentura)ni tamomlaganidan so‘ng taqsimlanadi.

   (8-9-bandlar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)

  10. Oliy tibbiy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishida davlat granti asosida tahsil olgan magistratura va klinik ordinatura bitiruvchilari Komissiya tomonidan oliy tibbiy ta’lim muassasalari, ilmiy tadqiqot institutlari, ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari va boshqa sog‘liqni saqlash muassasalarining ushbu mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqqan holda taqsimlanadi.

  Bunda Komissiya birinchi navbatda, magistratura va klinik ordinatura bitiruvchilarini majburiy ishlab berish uchun OP va markaziy tuman (shahar) ko‘p tarmoqli poliklinikalardagi mavjud bo‘sh o‘rinlarga taqsimlaydi.

  3-bob. Bitiruvchilarni majburiy ishlab berishga qabul qilish

  11. Bitiruvchilar o‘qishni tamomlaganidan so‘ng ushbu Nizomga muvofiq shartnomada ko‘rsatilgan ish joyiga kelishi va 3 oy ichida mehnat faoliyatini boshlashi shart.

  12. Oliy tibbiy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishida davlat granti asosida tahsil olgan magistratura va klinik ordinatura bitiruvchilari o‘qishni tamomlagach, shartnomada ko‘rsatilgan ish joyiga kelishi va 3 oy ichida mehnat faoliyatini boshlashi shart.

  13. Ish beruvchi shartnomaga muvofiq va ishga yo‘llanma asosida bitiruvchi bilan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mehnat shartnomasi tuzadi.

  14. Ish beruvchi bitiruvchi tomonidan taqdim etilgan ishga kelgani va joylashgani haqidagi hujjatni to‘ldiradi va keyinchalik uni O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va tegishli oliy tibbiy ta’lim muassasasiga taqdim etish uchun o‘n kun muddat ichida sog‘liqni saqlash boshqarmasining hududiy organiga yuboradi.

  O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi va oliy tibbiy ta’lim muassasasi O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi belgilagan tartibda har bir bitiruvchi hisobini yuritib borishi shart.

  Bunda tanlov asosida qabul qilinadigan lavozimlarga majburiy ishlab berish uchun yuborilgan bitiruvchilar tanlovsiz qabul qilinadi.

 Oldingi tahrirga qarang.

  15. Majburiy ishlab berish muddati quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

   (15-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)

 Oldingi tahrirga qarang.

  OShP va OPda shartnomada ko‘rsatilgan ishlash muddati — oliy tibbiy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishida davlat granti asosida tahsil olgan bitiruvchilari uchun;

   (15-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)

  shartnomada ko‘rsatilgan tibbiyot muassasalarida ishlash muddati — oliy tibbiy ta’lim muassasalarining bakalavriat yo‘nalishida davlat granti asosida tahsil olgan magistratura va klinik ordinatura bitiruvchilari uchun;

  mehnat ta’tilida bo‘lish muddati.

 Oldingi tahrirga qarang.

  Ijtimoiy mehnat ta’tili muddati majburiy ishlab berish muddatiga kiritilmaydi.

   (15-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 15-yanvardagi 19-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.01.2021-y., 09/21/19/0038-son)

  16. Bitiruvchining majburiy ishlab berish joyida belgilangan muddat tugagandan so‘ng ishni davom ettirish haqidagi masala mehnat qonunchiligiga muvofiq ish beruvchi va ishchi o‘rtasida o‘zaro kelishuvga asosan hal etiladi.

  17. Ish beruvchi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mutaxassislar mehnatini rag‘batlantirish va ularning lavozimga ko‘tarish, ilmiy faoliyatini olib borishi uchun sharoitlar yaratish choralarini ko‘radi.

  4-bob. Bitiruvchilarning majburiy ishlab berish joyini o‘zgartirishi yoki ishlab berishdan bosh tortishi

  18. Ushbu Nizomga muvofiq majburiy ishlab berish uchun taqsimlangan bitiruvchining ishlab berish joyini o‘zgartirishi uchun jiddiy sabablar yuzaga kelsa, turmush qursa, doimiy yashash uchun boshqa hududga ko‘chib o‘tsa, bitiruvchi majburiy ishlab berish joyini o‘zgartirish uchun Komissiyaga murojaat qilish huquqiga ega buni tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadi.

  Komissiya o‘n besh kun ichida bitiruvchining murojaati va taqdim etilgan tasdiqlovchi hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha bitiruvchi uchun ushbu Nizom talablariga muvofiq boshqa majburiy ishlab berish joyini belgilaydi.

 Oldingi tahrirga qarang.

  19. Bitiruvchi majburiy ishlab berishdan bosh tortgan hollarda O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga oliy tibbiy ta’lim muassasasi tomonidan talaba o‘qishni bitirgani haqida tegishli buyruqni chiqargan vaqtda amalda qo‘llanilgan bazaviy hisoblash miqdorining to‘rt yuz barobari miqdorida kompensatsiya to‘laydi.

   (19-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)

  20. Ushbu Nizomga muvofiq majburiy ishlab berish uchun taqsimlangan bitiruvchi ishlab berish muddati davomida shartnomada ko‘rsatilgan joyda majburiy ishlab berishni o‘z xohishiga ko‘ra rad etsa, u O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga Nizomning 19-bandida ko‘rsatilgan va ishlab berilgan muddatga mos ravishda kamaytirilgan miqdorda kompensatsiya to‘laydi.

  Kompensatsiya miqdorini hisob-kitob qilishda majburiy ishlab berish muddatlarining faqat to‘liq oylari hisobga olinadi.

  21. Bitiruvchi majburiy ishlab berishdan bosh tortishni rasmiylashtirishi uchun Komissiyaga tegishli ariza bilan murojaat qilishi kerak. Bunda bitiruvchi Komissiyaga ariza taqdim etgan sana ushbu Nizomning 20-bandiga muvofiq majburiy ishlab berishdan bosh tortish sanasi deb hisoblanadi.

  22. Majburiy ishlab berishdan bosh tortgan bitiruvchi bilan mehnat shartnomasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinadi.

  23. Bitiruvchi majburiy ishlab berishdan bosh tortish bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetiga to‘laydigan kompensatsiya miqdorini u davlat granti bo‘yicha tahsil olgan oliy tibbiy ta’lim muassasasining budjetdan tashqari g‘aznachilik shaxsiy hisob-raqamiga to‘liq hajmda to‘laydi.

  24. Oliy tibbiy ta’lim muassasasi kompensatsiyalar summasi hisobini budjetdan tashqari alohida g‘aznachilik shaxsiy hisob-raqamida yuritadi va shaxsiy hisobraqamga kompensatsiya tushgandan so‘ng uch ish kunidan kechiktirmasdan kompensatsiya summasining O‘zbekiston Respublikasining respublika budjeti daromadiga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘tkazilishini ta’minlaydi.

  25. Ushbu Nizomga muvofiq majburiy ishlab berish uchun taqsimlanadigan bitiruvchi mehnatga layoqatsizligi tufayli majburiy ishlab berolmagan holatlarda uning keyingi mehnat faoliyati to‘g‘risidagi qaror Komissiya tomonidan belgilangan tartibda qabul qilinadi.

  Mehnat layoqatini qisman yoki to‘liq yo‘qotgani sababli (tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lganda) majburiy ishlab berish imkoniyatiga ega bo‘lmagan bitiruvchilar Komissiya qarori asosida kompensatsiya to‘lashdan ozod etiladi.

  5-bob. Yakunlovchi qoidalar

  26. Oliy tibbiy ta’lim muassasasi bitiruvchiga diplomning asl nusxasini u majburiy ishlab berish muddatini tamomlaganidan so‘ng bir hafta muddatda mehnat daftarchasidagi yozuv va bitiruvchi majburiy ishlab bergan muassasaning yozma tasdig‘i asosida beradi.

  27. Ushbu Nizomga muvofiq majburiy ishlab berish uchun taqsimlanadigan va majburiy ishlab berishdan bosh tortadigan bitiruvchilarga oliy tibbiy ta’lim muassasasi oliy ma’lumot to‘g‘risidagi diplomning asl nusxasini mazkur Nizom talablariga muvofiq ular kompensatsiyani to‘liq miqdorda to‘lagandan so‘ng beradi.

  28. Oliy tibbiy ta’lim muassasasiga davlat granti asosida o‘qishga qabul qilingan, lekin o‘qish davrida (talabalar safidan chiqarilgandan so‘ng qayta tiklangan, o‘z xohishiga ko‘ra boshqa oliy tibbiy ta’lim muassasasiga ko‘chirilgan) ta’limning to‘lov-kontrakt shakliga o‘tkazilgan talabalar o‘qishni tamomlagach, majburiy ishlab berish uchun ushbu Nizomga talablariga muvofiq taqsimlanadi.

  29. Ushbu Nizom talablarini buzishda aybdor shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradilar.