Men oitsga qarshiman, siz-chi?
21.04.2022 2022-04-21 15:31Men oitsga qarshiman, siz-chi?
Har yili 1 dekabr sanasi an’anaviy ravishda «OITSga qarshi butunjahon kurash kuni» sifatida nishonlanadi. Bu sanada OITS bilan og‘riganlarni qo‘llab-quvvatlash, xastalik alomatlari, undan saqlanish bo‘yicha ogohlikni oshirish masalalariga jamoatchilik e’tiborini qaratish maqsad qilinadi.
─ OIV (odam immuniteti tanqisligi virusi) surunkali yuqumli kasallik bo‘lib, inson organizmida butun hayoti davomida saqlanib qoladi. U organizmni tashqi xavfli ta’sirlardan himoya qiluvchi tizim ─ immun tizimini izdan chiqaradi. Uning o‘ziga xosligi shundaki, virus organizmga tushgan dastlabki davrda hech qanay noxush alomatlar sezilmaydi, immun tizimi viruslarning tajovuzini bostirib turadi. Odam virusni yuqtirib olganidan boshlab 10 yilgacha o‘zi kasal ekanini sezmaydi. Bu davrda organizmda OIV viruslari bilan kasallangan hujayralar soni sog‘lom hujayralarga qaraganda oshib boradi, natijada OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) kelib chiqadi. Bu surunkali tarzda kechuvchi tizimli xastalik. U faqat bitta organni zararlaydi, deb tushunish xato. Organizmning viruslar bilan mahv etilishi natijasida immun tizimi o‘z vazifasini bajara olmaydi, natijada inson har qanday tashqi ta’sirga sezuvchan bo‘ladi, oddiy kasalliklarni ham og‘ir kechiradi. Organizmning kurashuvchanligi yo‘qolgani bois yondosh kasalliklar rivojlanib boraveradi. OITS sababsiz uzoq davom etuvchi yo‘tal, qisqa vaqt ichida keskin ozib ketish, harorat sababsiz ko‘tarilishi, uzoq vaqt ich ketishi (diareya), og‘iz bo‘shlig‘i va turli a’zolar yallig‘lanishi, xavfli o‘smalar rivojlanishi kabi belgilar bilan namoyon bo‘ladi.
─ UNAIDS (BMTning OIV/OITS bo‘yicha dasturi) ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘yicha ayni kunda 37 mln kishi OIV infeksiyasi bilan kasallangan. Kasallik ko‘pincha 20-49 yoshlilar o‘rtasida qayd etiladi. Bu xastalikning uzoq vaqt yashirin tarzda kechishi, natijada bemorning o‘zi bilmagan holda boshqalarga ham kasallikni yuqtirishi bilan boqliq.
OIV infeksiyasi OIV bilan zararlangan shaxs bilan himoyalanmagan jinsiy aloqa qilganda, giyohvand moddalarni guruh bo‘lib tomir orqali qabul qilganda, virus bilan zararlangan, tekshirilmagan qon va uning tarkibiy qismlari quyilganda, zararsizlantirilmagan jarrohlik, doyalik, stomatologik va boshqa tibbiy asboblar orqali muolajalar olganda, shprits va ignalardan umumiy foydalanilganda, infeksiyani yuqtirib olgan homilador onadan bolaga homiladorlik davrida jarohatlangan yo‘ldosh orqali, bola tug‘ilishi jarayonida tug‘uruq yo‘llari jarohatlanishi tufayli va bolani emizish jarayonida ona suti orqali yuqadi.
«Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi Qonunning 15-moddasiga muvofiq, turmush qurmoqchi bo‘lgan yoshlar OIV infeksiyasi bo‘yicha tekshiruvdan o‘tkaziladi, agar ularda kasallik aniqlansa, dispanser nazoratiga olinadi.
30.12.2021 yil sanasida Pediatriya fakulteti yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha dekan o’rinbosari M.M. Yuldasheva va tyutor N.S.Xodjaevlar tomonidan 231, 232-guruh talabalari ishtirokida 1- dekabr OITSga qarshi butunjahon kurashish kuni munosabati bilan “ MEN OITSGA QARSHIMAN, SIZ-CHI?” deb nomlangan “Flashmob” tashkil qilindi.