RASMIY MUNOSABAT
11.06.2022 2022-06-14 9:41RASMIY MUNOSABAT
RASMIY MUNOSABAT
Bugun ijtimoiy tarmoqlarda Buxoro davlat tibbiyot instituti talabalarining Germaniya davlatiga Ferienjob dasturi orqali malaka oshirishga borgani ammo institut ma’muriyati ularni talabalik safidan chiqarish haqida aytayotgani to‘g‘risida xabar tarqaldi.
Institut ma’muriyati bu xabarga quyidagicha munosabat bildiradi:
1. Ayni paytda BuxDTI 50dan ortiq dunyoning nufuzli oliy ta’lim muassasalari va tibbiyot markazlari bilan hamkorlik aloqalarini olib bormoqda. Rossiya, Turkiya, Polsha, Hindiston, Xitoy va boshqa davlatlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilgan. Ammo bu dasturlar va hamkor muassasalar orasida Germaniyaning Freinjob loyihasi mavjud emas.
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 20 iyundagi 393-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish, talabalar o‘qishini ko‘chirish, qayta tiklash va o‘qishdan chetlashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”da talabani o‘qishdan chetlatish asoslari ko‘rsatib o‘tilgan. Nizomning 5-bob 36-qismining “D” bandida “Uzrli sababsiz 74 soatdan ortiq dars qoldirilganligi sababli” talaba o‘qishdan chetlatilishi ko‘rsatilgan.
Shuningdek, nizomning 37 qismida “Berilgan muddatlarda fanlarni o‘zlashtira olmasligi” ham bunday qaror qabul qilinishiga asos ekanligi ko‘rsatilgan.
3. Ayni paytda Germaniyada bo‘lib turgan talabalar va ularning ota-onalari o‘z vaqtida bir necha bor ogohlantirilgan. Ularga xorijda malaka oshirishga ruxsat beradigan biror turdagi hujjat institut ma’muriyati tomonidan berilmagan.
4. Buxoro davlat tibbiyot instituti talabalarga xorijiy tibbiyot muassasalari yoki nufuzli universitetlarda stajirovka o‘tashi uchun yetarlicha sharoit va imkoniyat qilib berishga tayyor. Buning uchun talabalar tashabbuslarini doim qo‘llab quvvatlaydi. Shu kunlarda bir nechta talabalar chet davlatlarda malaka oshirmoqda. Xarajatlarning katta qismini institut to‘laydi.
Institut ma’muriyatidan tegishli rozilik olmasdan Germaniyaga borgan bu talabalar qabul qilinadigan qarori ustidan sudga murojaat qilishi mumkin.