Institutga Rossiyalik nufuzli mehmonlar tashrif buyurdi
10.02.2025 2025-02-12 13:00Institutga Rossiyalik nufuzli mehmonlar tashrif buyurdi
Buxoro davlat tibbiyot institutining xalqaro hamkorlik aloqalari kundan kunga rivojlanib bormoqda. Bugungi kunda institut dunyoning 20dan ortiq davlatlarning tibbiyot va ta’lim muassasalari bilan imzolangan shartnomalar bilan ishlar olib bormoqda. 10dan ortiq nufuzli universitetlar bilan qo‘shma ta’lim dasturlari tashkil etilgan bo‘lib, unda minglab talabalar qo‘shaloq diplom olish maqsadida tahsil olmoqda. Ushbu hamkorlik aloqalari tibbiy ta’limni yanada rivojlantirish, ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash va xalqaro tajriba almashinuvi asosida yuqori malakali mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan.

Bugun Rossiya Federatsiyasining nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri bo‘lgan Kuban davlat tibbiyot universiteti prorektori Andrey Suxinin va Oleg Acheldыyev tashrif buyurdi. Ta’kidlash joizki, mazkur universitet bilan 2019 yildan buyon Stomatologiya yo‘nalishida qo‘shma ta’lim dasturida talabalar qabul qilinib, bugungi kunda bitiruvchilar Kubanda tahsil olishmoqda.
Tibbiyot sohasida zamonaviy va innovasion yondashuvlarni qo‘llash hamkorlik aloqalarini yangi bosqichga olib chiqish va amaliy tibbiyotni yanada rivojlantirish maqsadida BuxDTI va Kuban davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida va qo‘shma ta’lim dasturlarini ishlab chiqmoqda. Xususan, klinik ordinatura yo‘nalishida hamkorlikdagi maxsus dasturlar ochilishi rejalashtirilgan bo‘lib, bu orqali talabalarga ikki tomonlama diplom olish imkoniyati yaratiladi. Ushbu dasturlar asosida talabalar O‘zbekiston va Rossiyaning ilg‘or tibbiyot amaliyotlarini o‘rganish, tajribali professor-o‘qituvchilardan saboq olish va zamonaviy klinikalarda amaliyot o‘tash imkoniyatiga ega bo‘ladilar.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishlaridan biri xalq tabobatini rivojlantirish va ilmiy asosda tadqiq etishdir. O‘zbekiston va Rossiyada xalq tabobati boy tarixga ega bo‘lib, bu boradagi bilimlar zamonaviy tibbiyot bilan uyg‘unlashtirilishi mumkin. Ikki oliy ta’lim muassasasi ushbu yo‘nalishda qo‘shma tadqiqot loyihalarini amalga oshirish, xalq tabobati usullarining ilmiy asoslanganligini o‘rganish hamda ularni klinik tibbiyotda qo‘llash imkoniyatlarini muhokama qilish bo‘yicha kelishib oldi.


Mehmonlar shuningdek, institut rektori Shuhrat Teshayev hamrohligida zamonaviy klinika va o‘quv simulyasiya markazidagi imkoniyatlarni ko‘zdan kechirishdi.
Bundan tashqari, hamkorlik doirasida professor-o‘qituvchilar va yosh olimlar uchun ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilmiy anjumanlar, konferensiyalar va seminarlar tashkil etish rejalashtirilgan. Kubdn davlat tibbiyot universiteti va BuxDTI o‘rtasidagi ilmiy aloqalar tibbiy innovatsiyalarni rivojlantirish, yangi diagnostika va davolash usullarini tatbiq etish hamda zamonaviy laboratoriya tadqiqotlarini yo‘lga qo‘yishga xizmat qiladi.

Ikki oliygoh o‘rtasidagi hamkorlik nafaqat talabalarga zamonaviy bilim va tajribalar olishga imkon beradi, balki ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy va madaniy aloqalarni yanada mustahkamlashga ham xizmat qiladi. Kelgusida ushbu hamkorlik yanada rivojlanib, tibbiyot sohasida yangi yutuqlarga zamin yaratishi kutilmoqda.