Korrupsiyaga qarshi kurash – adolatli jamiyat sari dadil qadam
17.04.2025 2025-04-18 11:12Korrupsiyaga qarshi kurash – adolatli jamiyat sari dadil qadam
Korrupsiyaga qarshi kurash – adolatli jamiyat sari dadil qadam
Bugungi kunda korrupsiyaga qarshi kurashish nafaqat davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri, balki har bir fuqaroning fuqarolik pozitsiyasi, ijtimoiy mas’uliyat darajasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Shu nuqtai nazardan olib qaralganda, ta’lim muassasalarida, ayniqsa, yoshlar ishtirokida bu boradagi targʻibot va tashviqot ishlarini tashkil etish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Buxoro davlat tibbiyot universitetida o‘tkazilgan navbatdagi targ‘ibot tadbiri ham aynan korrupsiyaga qarshi kurashning samarali yo‘llari, bu illatga qarshi jamoatchilik ongini shakllantirishga qaratildi. Tadbirda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi raisi Maqsud Hamidov, oliygoh prorektori, xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashi deputati Gauhar Jarilkasinova, partiyaning viloyat Kengashi “Ayollar qanoti” raisi Shaxnoza Po‘latova hamda O‘zbekiston Respublikasi Advokatlar palatasi advokati Anvar Rahmatov ishtirok etdi.


Tadbir davomida ishtirokchilar tomonidan korrupsiyaning jamiyat taraqqiyotiga yetkazayotgan salbiy oqibatlari, yoshlar orasida huquqiy savodxonlikni oshirish zarurati, shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishning huquqiy asoslari haqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Maqsud Hamidov oʻz chiqishida korrupsiyaga qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlarning emas, balki keng jamoatchilikning, xususan, siyosiy partiyalar, ta’lim tizimi va yosh avlodning ham faol ishtirokini talab qilishini ta’kidladi.


Tadbirda talabalar va professor-o‘qituvchilar tomonidan bildirilgan savollarga mutaxassislar tomonidan atroflicha javoblar berildi. Muloqot erkin va ochiq muhitda o‘tdi, unda korrupsiyaviy holatlarga qarshi kurashishda har bir fuqaroning mas’uliyati, axloqiy pozitsiyasi muhim ekani qayta-qayta e’tirof etildi.
Shuningdek, Anvar Rahmatov o‘z ma’ruzasida korrupsiyani faqat jinoyat sifatida emas, balki ijtimoiy muammo sifatida ham chuqur tahlil qildi. U korrupsiya davlat boshqaruvi, iqtisodiy barqarorlik va jamiyat taraqqiyotiga yetkazadigan zararlar haqida atroflicha to‘xtaldi. “Korrupsiyaga qarshi kurash – bu faqat tergov va jazo bilan cheklanadigan jarayon emas. Bu – jamiyatda halollik, mas’uliyat va qonun ustuvorligi tamoyillarini shakllantirish jarayonidir,” — dedi u.


Tajribali advokat talaba-yoshlar orasida huquqiy madaniyatni oshirish zarurati haqida so‘z yuritar ekan, ta’lim muassasalarida korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirishda nazariy bilimlar bilan bir qatorda amaliy yondashuvlar, real misollar va ochiq muloqotlar muhim ekanini ta’kidladi.
Tadbir yakunida korrupsiyaga qarshi kurashish faqat qonun bilan emas, balki odob-axloq, madaniyat va halollik bilan olib borilishi kerak degan xulosa bildirildi.
Bu kabi uchrashuvlar yoshlar ongida ijtimoiy adolat va huquqiy madaniyatni mustahkamlash, ularda korrupsiyaga qarshi immunitetni shakllantirishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.