BuxDTI matbuot xizmati

Tibbiy ta’limdan amaliyotgacha: bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha muhim qadam

Buxoro davlat tibbiyot institutida bitiruvchilarning ish bilan taqsimoti1

Tibbiy ta’limdan amaliyotgacha: bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha muhim qadam

Bugungi kunda mamlakatimizda tibbiyot sohasini yanada rivojlantirish, aholini sifatli tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash, shu jumladan, yosh mutaxassislarni ish bilan ta’minlash masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylangan. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bu borada bir qator muhim tashabbus va qarorlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, tibbiyot oliy ta’lim muassasalarini tamomlayotgan yosh mutaxassislarni chekka va olis hududlarga jalb etish, ular uchun munosib mehnat va yashash sharoitlarini yaratishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bugun bitiruvchilarni o‘z sohasi bo‘yicha ish bilan ta’minlashni samarali tashkil etish maqsadida Buxoro davlat tibbiyot institutida tashkil etilgan “Karyera kuni” mehnat yarmarkasi bo‘ldi.

Mazkur yarmarkada Buxoro va Qashqadaryo viloyatlarining sog‘liqni saqlash boshqarmalari, hududiy tibbiyot birlashmalari, markazlar, shuningdek, IIV huzuridagi Jazoni ijro etish muassasalari hamda Toshkent viloyatidan soha rahbarlari ishtirok etdi. Tadbirda institut rektori Shuhrat Teshaev so‘zga chiqib, bitiruvchi talabalarga muvaffaqiyatlar tiladi va tadbirni ochiq deb e’lon qildi. Qashqadaryo SSB boshlig‘i Alisher Boboev va Buxoro SSB boshlig‘i Elyor Oltiyev ham o‘z so‘zida oliy ta’lim muassasaini bitirayotgan yoshlarga imkoniyatlar haqida fikr bildirishdi.

Buxoro davlat tibbiyot institutida 2024–2025 o‘quv yilida 857 nafar bitiruvchi, jumladan, 19 nafar magistratura, 222 nafar klinik ordinatura bitiruvchilari bor. Tadbir davomida ular uchun ish beruvchilar tomonidan ish takliflari berildi, mehnat shartnomalari tuzildi, vakant ish o‘rinlari haqida to‘liq ma’lumotlar taqdim etildi.

Mahalliy va boshqa viloyatlardan tashrif buyurgan ish beruvchilarning bevosita talabalar bilan muloqoti orqali yosh mutaxassislar o‘z kelajak faoliyatini rejalashtirish, birinchi ish joyini tanlash imkoniyatiga ega bo‘ldilar.

Bu kabi tadbirlar nafaqat bitiruvchilarning bandligini ta’minlash, balki soha uchun malakali kadrlar yetishtirish, olis va chekka hududlarda tibbiy xizmat sifatini oshirishga ham xizmat qiladi. Prezidentimiz ta’kidlaganidek, har bir fuqaro, qaerda yashashidan qat’i nazar, sifatli tibbiy xizmatga ega bo‘lishi kerak. Bu maqsadda, olis hududlarga yo‘llanayotgan yosh kadrlarga uy-joy, qo‘shimcha moddiy yordam, malaka oshirish imkoniyatlari kabi qulayliklar yaratilmoqda.

Bunday islohotlar mamlakatimizda tibbiyot tizimini tubdan takomillashtirishga va yosh mutaxassislarning jamiyatda o‘z o‘rnini topishiga xizmat qiladi. Kelajakda bugungi bitiruvchilar — fidoiy shifokorlar sifatida xalq salomatligini muhofaza qilishda o‘z hissasini qo‘shishi shubhasiz.