Buxoroda Turkiy dunyo plastik, rekonstruktiv va estetik jarrohlik bo‘yicha birinchi xalqaro kongress bo‘lib o‘tdi
17.04.2025 2025-04-21 16:33Buxoroda Turkiy dunyo plastik, rekonstruktiv va estetik jarrohlik bo‘yicha birinchi xalqaro kongress bo‘lib o‘tdi
Buxoroda Turkiy dunyo plastik, rekonstruktiv va estetik jarrohlik bo‘yicha birinchi xalqaro kongress bo‘lib o‘tdi
2025-yil 16–17-aprel kunlari Buxoro shahridagi Windham mehmonxonasida “Turkiy dunyo plastik, rekonstruktiv va estetik jarrohligi bo‘yicha birinchi xalqaro kongress” bo‘lib o‘tdi. Mazkur muhim ilmiy-amaliy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, Respublika ixtisoslashtirilgan plastik va estetika jarrohlik markazi, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti, qator yetakchi oliy ta’lim va ilmiy-tadqiqot muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.


Kongressda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar — Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa davlatlardan taniqli jarrohlar, olimlar, soha mutaxassislari ishtirok etdilar. Ular plastik, rekonstruktiv va estetik jarrohlik sohasidagi eng so‘nggi ilmiy izlanishlar, innovatsion texnologiyalar, zamonaviy diagnostika va davolash uslublari yuzasidan o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashdilar.


Ikki kun davom etgan kongress doirasida 15 dan ortiq seksiyalar, ma’ruzalar va ustaxonalar (master-klasslar) tashkil etildi. Unda yuzlab ishtirokchilar plastik va rekonstruktiv jarrohlik, dermatoestetik tibbiyot, yuz va tana shakllarini tiklash, kuyishlardan keyingi rekonstruksiya, mikrojarrohlik va boshqa dolzarb yo‘nalishlarda muhokamalar olib bordilar.


Kongress nafaqat ilmiy almashinuv balki amaliy tajriba va hamkorlikni mustahkamlash, shuningdek, Turkiy davlatlar o‘rtasida tibbiyot sohasida integratsiyani chuqurlashtirish yo‘lida muhim platforma bo‘ldi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar kongress qarorlarini qabul qilib, hamkorlikni rivojlantirishga doir qator tashabbuslarni ilgari surdilar.
Kongressda eng faol qatnashgan mutaxassislar va innovatsion ishlanmalar mualliflari maxsus sertifikatlar bilan taqdirlandi.

