Buxoro davlat tibbiyot instituti va Yunnan xalq tabobati universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
19.06.2025 2025-06-20 16:33Buxoro davlat tibbiyot instituti va Yunnan xalq tabobati universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Buxoro davlat tibbiyot instituti va Yunnan xalq tabobati universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Abu ALi ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, professor Shuhrat Teshayev boshchiligidagi delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safari bilan bo‘lib turibdi. Tashrif doirasida institut tomonidan Xitoyning bir qator nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan uchrashuvlar tashkil etildi va hamkorlikni rivojlantirishga oid qator masalalar muhokama qilindi.

Mazkur tashrif davomida institut Xitoyning yetakchi tibbiyot oliygohlaridan biri — Yunnan University of Chinese Medicine (YUTCM) bilan o‘zaro anglashuv memorandumi imzoladi.
1960-yilda tashkil etilgan Yunnan University of Chinese Medicine – Xitoydagi yirik davlat universitetlaridan biri bo‘lib, an’anaviy xitoy tabobati, dorivor o‘simliklar bilan davolash, fizioterapiya, igna bilan davolash (akupunktura), sog‘liqni saqlashni boshqarish, hamshiralik ishi kabi yo‘nalishlarga ixtisoslashgan.

Hozirda ushbu universitetda 25 mingga yaqin talaba tahsil olmoqda, ularning yuzlab qismi xorijlik talabalar hisoblanadi.
Ta’kidlash joizki, bugungi kunda Xitoyda tibbiy amaliyotning 50 foizidan ortig‘i xalq tabobatiga asoslangan bo‘lib, Yunnan University of Chinese Medicine mazkur sohaning yetakchi ta’lim va ilmiy markazlaridan biridir.

Imzolangan memorandum quyidagi asosiy yo‘nalishlarda hamkorlikni ko‘zda tutadi:
Talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi;
Qo‘shma ta’lim dasturlarini yo‘lga qo‘yish;
Ilmiy-tadqiqot ishlarini birgalikda olib borish va dissertatsiyalarni hamkorlikda himoya qilish;
Dorivor o‘simliklarni yetishtirish, ularni o‘rganish va amaliyotga tadbiq qilish;
Klinik-amaliy tajriba almashinuvi va xalqaro stajirovkalarni tashkil etish.
Ushbu hamkorlik Buxoro davlat tibbiyot institutining xalqaro miqyosdagi ilmiy-ta’lim aloqalarini mustahkamlash, xalq tabobati va zamonaviy tibbiyot o‘rtasidagi integratsiyani chuqurlashtirish hamda yosh kadrlarni tayyorlash borasidagi salohiyatini yangi bosqichga olib chiqadi.