Buxoro davlat tibbiyot instituti va Kunming Medical University o‘rtasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
19.06.2025 2025-06-21 11:09Buxoro davlat tibbiyot instituti va Kunming Medical University o‘rtasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
Buxoro davlat tibbiyot instituti va Kunming Medical University o‘rtasida hamkorlik mustahkamlanmoqda
Xitoy Xalq Respublikasida xizmat safarida bo‘lib turgan Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, professor Shuhrat Teshayev Kunming shahrida joylashgan nufuzli oliy ta’lim muassasasi — Kunming Medical Universityda bo‘lib, ushbu universitet bilan hamkorlik shartnomasini imzoladi.
Kelishuvga ko‘ra, ikki tomonlama ta’lim va tibbiyot sohalarida hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi. Jumladan, talabalar, magistrantlar va klinik ordinatorlar almashinuvi rejalashtirilgan, shuningdek, universitetning hamshiralik markazi va klinikalari faoliyati bilan tanishildi. Kelgusida KMU professorlari BuxDTI klinik bazalarida stajirovka o‘tashi, jarrohlik amaliyotlarida ishtirok etishi belgilab olindi.

Kunming Medical University — Yunnan tibbiyotining tayanch ustuni
1933-yilda tashkil etilgan Kunming Medical University (KMU) Xitoy janubi-g‘arbida, Yunnan provinsiyasida joylashgan va bugungi kunda mintaqaning eng yirik tibbiyot oliygohlaridan biri sanaladi. Unda 20 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, ularning katta qismi bakalavr, magistratura, doktorantura hamda xalqaro dasturlar bo‘yicha o‘qiydi. 40 dan ortiq davlatdan kelgan xorijiy talabalar ham tahsil olmoqda.
Universitetda 6000 dan ortiq professor-o‘qituvchi va klinik mutaxassislar faoliyat yuritadi. Ta’lim jarayoni klinik amaliyotga yaqinlashtirilgan va ilg‘or ilmiy asoslar bilan boyitilgan.

Fakultetlar va yo‘nalishlar
Universitetda quyidagi muhim yo‘nalishlar mavjud:
- Klinik tibbiyot, asosiy tibbiyot fanlari, stomatologiya, farmatsiya,
- Hamshiralik, jamoat salomatligi, psixologiya va ruhiy salomatlik,
- Tibbiy laboratoriya texnologiyalari,
- Xalqaro tibbiyot (MBBS dasturi ingliz tilida).
Klinik bazalar va ilmiy muassasalar
KMU tarkibida 9 ta klinik shifoxona, shu jumladan, 7 tasi “uchinchi darajali A” toifadagi yetakchi tibbiyot muassasalaridir. Shuningdek, quyidagi markazlar faoliyat yuritadi:
- Yunnan viloyat onkologiya markazi,
- Organ transplantatsiyasi markazi,
- Infeksiyalar va yallig‘lanish bo‘yicha ilmiy markazlar,
- Biotibbiyot muhandisligi va farmatsevtika institutlari,
- An’anaviy tabobatga ixtisoslashgan dorivor o‘simliklar markazi.
Universitet 100 dan ortiq klinik-amaliyot bazasiga ega.
_
KMU 90 dan ortiq mamlakat va tashkilotlar bilan xalqaro hamkorlikni rivojlantirgan. MBBS dasturi orqali ingliz tilida ta’lim oluvchi talabalar soni ortib bormoqda. Universitet xalqaro darajadagi ilmiy-tadqiqotlar, zamonaviy texnologiyalar va tibbiy tajriba almashinuvida yetakchi o‘rin egallaydi.
Kunming Medical University — zamonaviy tibbiyot, klinik tajriba, farmatsiya, sog‘liqni saqlash va xalqaro tibbiy hamkorlik sohalarida yuqori salohiyatli ta’lim maskanidir. Buxoro davlat tibbiyot instituti bilan imzolangan hamkorlik esa ikki tomonlama rivojlanishga yangi ufqlar ochadi.