Buxoro davlat tibbiyot institutida xalqaro tibbiy forum va rektorlar rаyosat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
05.09.2025 2025-09-08 12:40Buxoro davlat tibbiyot institutida xalqaro tibbiy forum va rektorlar rаyosat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Buxoro davlat tibbiyot institutida xalqaro tibbiy forum va rektorlar rаyosat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida tibbiyot sohasi jadal rivojlanmoqda. Bu jarayonda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti alohida o‘rin tutadi.
1990 yilda tashkil etilgan mazkur maskan bugungi kunda mamlakatimizdagi yirik ilmiy-ta’lim muassasalaridan biriga aylandi. Institutning asosiy maqsadi — tibbiyot sohasi uchun yuqori malakali, raqobatbardosh mutaxassislar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirishdan iborat. Ayni paytda oliygohda 10 mingdan ortiq talaba tahsil olmoqda, ularning qariyb 2 ming nafari 20 dan ziyod xorijiy mamlakatlardan kelgan yoshlardir.


Oxirgi yillarda institutda zamonaviy simulyatsion markazlar, yuqori texnologiyalar bilan jihozlangan laboratoriyalar, elektron kutubxona va raqamli ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yildi. Talabalar uchun ingliz, xitoy, turk, rus va boshqa tillarda maxsus darslar tashkil etilgani ham ta’lim jarayonining xalqaro standartlarga uyg‘unlashuvidan dalolat beradi. Shu bilan birga, institut AQSh, Xitoy, Turkiya, Janubiy Koreya, Hindiston va boshqa mamlakatlarning yetakchi universitetlari bilan memorandum va hamkorlik shartnomalarini imzolagan.
Aynan shunday ilmiy va ta’limiy salohiyat asosida, bugun buyuk tabib va olim Abu Ali ibn Sino tavalludining 1045 yilligi hamda institutning 35 yilligiga bag‘ishlangan xalqaro tibbiy forum Buxoro shahrida o‘tkazildi. Unda nafaqat mamlakatimiz oliygohlari, balki Xitoy, Hindiston, Rossiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Polsha, Tojikistondan nufuzli olimlar, professorlar va rektorlar ishtirok etdilar. Forumda tibbiyotda raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt asosida tashxislash, genetik tadqiqotlar va innovatsion davolash usullari kabi yo‘nalishlar keng muhokama etildi.


Shuningdek, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining kichik majlislar zalida tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rektorlarining navbatdagi raёsat yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash, talabalarining amaliy ko‘nikmalarini yanada oshirish, professor-o‘qituvchilar malakasini yuksaltirish, klinik bazalarda ta’lim sifatini oshirish kabi masalalar ko‘rib chiqildi.
Raёsat yig‘ilishini Samarqand davlat tibbiyot universiteti rektori, Tibbiyot oliy ta’lim muassasalari rektorlari kengashi raisi Jasur Rizaev olib bordi. U o‘z nutqida tibbiyot ta’limida xalqaro standartlar asosida ish yuritish, talabalarni zamonaviy bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlashning ustuvor yo‘nalishlarini alohida ta’kidladi.



Yig‘ilish yakunida tibbiyot oliygohlari o‘rtasida tajriba almashish, qo‘shma dasturlar ishlab chiqish va o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish bo‘yicha muhim kelishuvlarga erishildi.
Bugungi kunda Buxoro davlat tibbiyot instituti o‘zining boy ilmiy an’analari, zamonaviy infratuzilmasi va xalqaro hamkorlikka asoslangan ta’lim tizimi bilan mamlakatimizda ham, mintaqada ham nufuzli oliygohlardan biri sifatida e’tirof etilmoqda.

