Bitiruvchilar uchun ish yarmarkasi tashkil etildi
18.09.2025 2025-09-18 12:39Bitiruvchilar uchun ish yarmarkasi tashkil etildi
Bugun Buxoro shahridagi Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida Buxoro viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati filiali hamkorligida joriy yilda institutni tamomlagan bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan ochiq muloqot o‘tkazildi.

Tadbirda viloyatdagi davlat va nodavlat tibbiyot muassasalari vakillari, ish beruvchilar, bitiruvchi yosh mutaxassislar, shuningdek institut professor-o‘qituvchilari ishtirok etdilar. Unda asosan bitiruvchilarning o‘z mutaxassisligiga mos ravishda doimiy ish bilan ta’minlanishi, ularning kasbiy rivoji uchun yaratilayotgan sharoitlar, kadrlar salohiyatini oshirish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida bitiruvchilarga viloyatning turli tibbiyot muassasalaridagi mavjud bo‘sh ish o‘rinlari taklif etildi. Natijada institutni bitirgan 91 nafar yosh mutaxassis o‘z yo‘nalishiga mos doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlandi. Bu esa ularning malakali kadr sifatida tibbiyot sohasida faoliyat boshlashlariga zamin yaratadi.

Tadbirda Bahodir Sherov — viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi kadrlar bo‘limi boshlig‘i, Shuhrat Teshayev — institut rektori hamda Zafar Jumayev — Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Buxoro viloyati filiali rahbari ishtirok etib, bitiruvchilar oldida nutq so‘zladilar.

Ma’ruzachilar yosh mutaxassislar uchun bugungi kunda yaratilayotgan imkoniyatlar, kadrlarni joylashtirish va ularning ish faoliyatini qo‘llab-quvvatlash tizimi haqida atroflicha ma’lumot berishdi. Shuningdek, bitiruvchilarga ishga joylashish jarayonlarini elektron shaklda amalga oshirish imkonini beruvchi vakansiya.argos.uz platformasi orqali bo‘sh ish o‘rinlariga onlayn tarzda ariza topshirish tartibi ham batafsil tushuntirildi.

Uchrashuv yakunida bitiruvchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan mutasaddi rahbarlarga murojaat qilishdi va ishga joylashish borasida individual maslahatlar olishdi.