E'lonlar

Xavfsizlik – tizimli yondashuv va mas’uliyatli ish

Объявления

Xavfsizlik – tizimli yondashuv va mas’uliyatli ish

Biz barcha xatolarni butunlay yo‘q qila olmaymiz, biroq xato yuz berganda ham og‘ir falokatga olib kelmaydigan tizimni qurishimiz mumkin. Shu ma’noda, Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida mehnat muhofazasi va xavfsizlik masalalari doimo diqqat markazida bo‘lib kelmoqda.

Institutning Fuqaro va mehnat muhofazasi bo‘limi O‘zbekiston Respublikasining 1993-yil 6-mayda qabul qilingan “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi 839-sonli Qonuniga asosan tashkil etilgan. 2013-yilda 1-toifali muhandis lavozimidan ish boshlagan bo‘lim, 2020-yil 12-fevraldan boshlab alohida tarkibiy tuzilma sifatida samarali faoliyat yuritib kelmoqda. Bugungi kunda bo‘lim institutning moliya va iqtisodiyot bo‘yicha prorektori nazorati ostida ish olib bormoqda.

Xavfsizlik – faqat yo‘riqnoma emas

Mehnat muhofazasi – bu faqat qonunlar, yo‘riqnomalar va himoya vositalari emas. Bu doimiy tahlil, takomillashtirish va xavf-xatarlarning oldini olish bo‘yicha izchil ishlar tizimidir. Shu sababli institutda mehnat muhofazasi madaniyatini rivojlantirish, xodimlar uchun qulay mehnat sharoitini yaratish, jarohatlar va kasbiy kasalliklarning oldini olish yuzasidan keng tushuntirish ishlariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Institutda o‘tkaziladigan fuqaro muhofazasi, yong‘in xavfsizligi va texnika xavfsizligi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari nafaqat nazariy bilimlar, balki tizimli fikrlash, har bir himoya qatlamining ahamiyatini anglash va ulardan to‘g‘ri foydalanish ko‘nikmalarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Talabalar va professor-o‘qituvchilar xavfsizligi

Har qanday oliy ta’lim muassasasida bo‘lgani kabi, institutdagi darslar va amaliy mashg‘ulotlar maxsus xonalar va auditoriyalarda o‘tkaziladi. Bunday xonalarda ayrim xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari bo‘lishi mumkin, ular nafaqat talabalarga, balki laboratoriya mashg‘ulotlarini olib boruvchi o‘qituvchilarga ham ta’sir qilishi ehtimoli bor. Shuning uchun o‘quv jarayonini tashkil qilishda mehnat muhofazasi talablariga rioya qilish institutning asosiy vazifalaridan biridir.

Mehnat muhofazasining maqsadi

Mehnat muhofazasi – bu insonning mehnat jarayonida xavfsizligini, salomatligini va ish qobiliyatini saqlashga qaratilgan, tegishli qonun va me’yoriy hujjatlar asosida amalga oshiriladigan ijtimoiy-iqtisodiy, tashkiliy-texnik, sanitariya-gigiyena, davolash-profilaktika, reabilitatsiya hamda psixofiziologik chora-tadbirlar tizimidir.

Institutda bu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar tizimli yondashuv va mas’uliyatli mehnat madaniyatini shakllantirishda muhim ahamiyatga ega.