Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Buxoro davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi
27.10.2025 2025-10-29 16:23Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Buxoro davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi
Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi elchisi Buxoro davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi
Bugun Misr Arab Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Tamer Hammad hamda Missiya rahbari o‘rinbosari, maslahatchi Hannan Bashari Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi.


Tashrif davomida elchi institut rektori, professor Shuhrat Teshayev va xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Laziz Niyazov hamrohligida oliygohning faoliyati bilan yaqindan tanishdi.


Mehmonlar dastlab institutning diqqatga sazovor joylari — Axborot-resurs markazi, katta majlislar zali, shuningdek, Ibn Sino hayoti va ilmiy merosiga bag‘ishlangan muzeyni ko‘zdan kechirdilar.


Elchi Tamer Hammad institutda yaratilgan zamonaviy o‘quv-laboratoriya sharoitlari, xalqaro talabalar uchun qulay infratuzilma hamda ta’lim jarayonida joriy etilgan innovatsion yondashuvlarni yuqori baholadi.


Shuningdek, elchi misrlik talabalar bilan samimiy muloqot o‘tkazdi, ularning ta’lim sifati, yashash sharoitlari va ilmiy faoliyati bilan qiziqdi. Talabalar esa O‘zbekistonda o‘qishdan mamnun ekanliklarini, professor-o‘qituvchilarning e’tiboridan va o‘quv jarayonining sifatidan minnatdor ekanliklarini bildirishdi.

Uchrashuv davomida rektor Shuhrat Teshayev O‘zbekiston va Misr o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlik ming yillik tarixga ega ekanini ta’kidladi:
“Buyuk alloma Abu Ali ibn Sino asarlari asrlar davomida nafaqat Markaziy Osiyo, balki Misr, Bag‘dod, Damashq va Qohira madrasalarida ham o‘qitilgan. Bugun ham biz o‘sha tarixiy ilmiy aloqalarni yangi bosqichda davom ettiryapmiz,” – dedi institut rektori.
Tashrif yakunida tomonlar O‘zbekiston va Misr oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida tibbiyot sohasidagi hamkorlikni kengaytirish, professor-o‘qituvchilar va talabalar almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.