Yoshlarga berilgan yuksak ishonch – taraqqiyotning mustahkam poydevori
24.02.2026 2026-02-26 14:09Yoshlarga berilgan yuksak ishonch – taraqqiyotning mustahkam poydevori
Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan ochiq muloqoti mamlakatimiz yoshlari hayotida tarixiy ahamiyat kasb etgan muhim voqea bo‘ldi.
Ushbu uchrashuvni Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori sifatida katta mas’uliyat va yuksak faxr hissi bilan kuzatdim.
Mazkur muloqot, avvalo, davlatimiz rahbarining yoshlarga bo‘lgan yuksak ishonchi va doimiy e’tiborining yana bir amaliy ifodasi bo‘ldi. 22 milliondan ziyod yoshlar taqdiriga befarq bo‘lmaslik, ularni qo‘llab-quvvatlashni yangi bosqichga olib chiqish, har bir vazir va hokim zimmasiga aniq vazifalar yuklash – bu oddiy bayonot emas, balki qat’iy siyosiy iroda va strategik yondashuv namunasidir.
Bugun har yili yuz minglab yoshlar mehnat bozoriga kirib kelmoqda. Bu jarayon davlatdan tizimli va uzoqni ko‘zlagan yondashuvni talab etadi. Yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratilishi, kredit limitlarining oshirilishi, “Kelajak tadbirkori” dasturining yo‘lga qo‘yilishi yoshlarning iqtisodiy mustaqilligini ta’minlashga qaratilgan muhim strategik qarorlardir. Ayniqsa, garovsiz kreditlar va innovasion startaplarga investisiya kiritish imkoniyatlari yoshlarning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlashga xizmat qiladi.
Ta’lim tizimiga oid ilgari surilgan tashabbuslar, ayniqsa, oliy ta’lim muassasalari uchun nihoyatda dolzarbdir. “Mening birinchi kasbim” dasturi orqali bitiruvchilarga stajirovka asosida tajriba orttirish va stipendiya olish imkoniyati yaratilayotgani yosh mutaxassislarning kasbiy shakllanishida muhim omil bo‘ladi. Texnikumlarda dual ta’limni kengaytirish, zamonaviy kasblarga yo‘naltirish va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish esa ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqadi.
Muloqot davomida volontyorlik harakatini qo‘llab-quvvatlash, grantlar ajratish, yoshlarning ijtimoiy faolligini rag‘batlantirish tashabbuslari ham ilgari surildi. Yoshlarning jamiyat hayotidagi ishtiroki va tashabbuskorligini kuchaytirish bugungi taraqqiyotning muhim omilidir. Shuningdek, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, ipoteka kreditlari bo‘yicha yengilliklar berish, kitobxonlikni rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar yoshlarning nafaqat iqtisodiy, balki ma’naviy jihatdan ham mustahkam bo‘lib ulg‘ayishiga xizmat qiladi.
Ayniqsa, har haftaning payshanba kuni “Yoshlar kuni” etib belgilanishi joylardagi rahbarlar faoliyatida ochiqlik va mas’uliyatni yanada oshiradi. Bu esa yoshlar bilan ishlash tizimini aniq, samarali va nazoratga asoslangan jarayonga aylantiradi.
Xulosa qilib aytganda, Ko‘ksaroydagi ochiq muloqot – bu yoshlarga bildirilgan yuksak ishonch, ularning salohiyatini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan aniq yo‘l xaritasi va kelajakka qaratilgan mustahkam sarmoyadir. Ishonch bilan ayta olamanki, yaratilayotgan imkoniyatlar yoshlarni yanada faol, tashabbuskor va mas’uliyatli bo‘lishga undaydi.
O‘ylaymizki, bugungi uchrashuvdan olingan taassurotlar va muloqotda bildirilgan fikr-mulohazalar kelgusida amaliy tashabbuslarga aylanib, yurtimiz taraqqiyoti va yoshlar kamolotida muhim ahamiyat kasb etadi.