BuxDTI matbuot xizmati

Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro farmatsevtika loyihalarida hamkorlikni kengaytirmoqda

xalqaro farmatsevtika1

Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro farmatsevtika loyihalarida hamkorlikni kengaytirmoqda

Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov boshchiligidagi delegatsiyaning Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari doirasida Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti uchun muhim xalqaro hamkorlik yo‘nalishlari muhokama qilindi.

Delegatsiya Xitoyning yirik “Haishi Hainuo Group” — “HYNAUT” kompaniyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Mazkur kompaniya tibbiy buyumlar, farmatsevtika va biotexnologiya mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan bo‘lib, bugungi kunda 20 dan ortiq sho‘ba korxonaga hamda 30 dan ziyod patentlarga ega yirik korxonalardan biri hisoblanadi.

Uchrashuv davomida Buxoro davlat tibbiyot instituti bilan hamkorlikda ilmiy tadqiqot dasturlarini tashkil etish, qo‘shma loyihalarni amalga oshirish hamda innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish masalalari ko‘rib chiqildi.

Shuningdek, Buxoro viloyatida 100 gektar maydonda farmatsevtika sanoat parkini tashkil etish, import o‘rnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish, dorivor giyohlarni yetishtirish va eksport qilish, tibbiy mahsulotlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish bo‘yicha dastlabki kelishuvlarga erishildi.

Tomonlar Buxoro shahrida zamonaviy tibbiyot uskunalari uchun distribyuterlik ofislarini tashkil etish va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratdilar.