BuxDTI matbuot xizmati

Buxoro davlat tibbiyot institutida sport federatsiyalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi

hamkorlik memorandumlari1

Buxoro davlat tibbiyot institutida sport federatsiyalari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi

Buxoro davlat tibbiyot instituti tashabbusi bilan “Sport ta’limida yangi bosqich: hamkorlik, individual yondashuv va yuksak natija!” shiori ostida jismoniy tarbiya va ommaviy sport tadbirlarini tashkil etishga qaratilgan keng qamrovli loyihalarga start berildi.

Mazkur tashabbusning asosiy maqsadi — talaba-yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib qilish, ularning jismoniy faolligini oshirish, sport ta’limi sifatini zamonaviy bosqichga olib chiqish hamda ta’lim muassasalari bilan sport tashkilotlari o‘rtasida samarali va uzviy hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdan iborat.

Shu munosabat bilan Buxoro davlat tibbiyot institutida viloyat sport boshqarmasi tasarrufidagi qator sport federatsiyalari rahbar va mutaxassislari ishtirokida uchrashuv tashkil etildi.Tadbir davomida futbol, voleybol, basketbol, gandbol, yengil atletika, stol tennisi, badminton, kurash, suzish, shaxmat, chim ustida xokkey hamda regbi sport federatsiyalari bilan ikki tomonlama hamkorlik memorandumlari rasman imzolandi.

Ta’kidlanganidek, mazkur memorandumlar orqali institut talabalari uchun professional sport bilan shug‘ullanish imkoniyatlarini kengaytirish, iqtidorli yoshlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash, trenerlik va amaliy mashg‘ulotlar sifatini oshirish, sport musobaqalari hamda qo‘shma loyihalarni muntazam tashkil etish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda oliy ta’lim muassasalarida sportni rivojlantirish yoshlarning nafaqat jismoniy salomatligini mustahkamlash, balki ularning intizomi, liderlik qobiliyati va jamoaviy ishlash ko‘nikmalarini shakllantirishda ham muhim ahamiyat kasb etmoqda. Shu bois institutda sportga qiziqadigan talabalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ular uchun zamonaviy sharoitlar yaratish va sport ta’limini yangi bosqichga olib chiqish ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida belgilanmoqda.