BuxDTI matbuot xizmati

Buxoro davlat tibbiyot instituti Indoneziya universitetlari bilan hamkorlik kengaytirmoqda

Indoneziya universitetlari bilan hamkorlik1

Buxoro davlat tibbiyot instituti Indoneziya universitetlari bilan hamkorlik kengaytirmoqda

Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutiga Indoneziyaning nufuzli oliy ta’lim muassasalari vakillaridan iborat delegatsiya tashrif buyurdi. Mehmonlarni institutning xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Laziz Niyazov kutib olib, institutning zamonaviy infratuzilmasi, ta’lim va amaliy tibbiyot yo‘nalishidagi imkoniyatlari bilan yaqindan tanishtirdi.

Tashrif davomida mehmonlar institutning o‘quv binolari, simulyatsion markazlari, ilmiy-amaliy laboratoriyalari, klinikalari hamda xalq tabobati yo‘nalishidagi markazlar faoliyatini ko‘zdan kechirdilar. Shuningdek, bugungi kunda institutning ta’lim, amaliy tibbiyot, ilm-fan va xalq tabobati yo‘nalishlarida dunyoning qator rivojlangan davlatlari bilan samarali xalqaro hamkorlik olib borayotgani haqida batafsil ma’lumot berildi.

Qayd etilganidek, xalqaro aloqalarning kengayib borayotgani natijasida ayni paytda institutda 2,5 ming nafarga yaqin xorijlik talabalar tahsil olmoqda. Bu esa Buxoro davlat tibbiyot institutining xalqaro maydondagi nufuzi tobora ortib borayotganidan dalolat beradi.

Delegatsiya tarkibidan Muhammadiyah Yogyakarta universiteti xalqaro hamkorlik koordinatori doktor Maria Ulfa, Muhammadiyah Purwokerto universiteti moliya va kadrlar bo‘yicha dekan o‘rinbosari Mustika Ratnaningsih, Muhammadiyah Surakarta universiteti akademik hamkorlik va mobillik bo‘limi boshlig‘i Hepy Adityarini hamda Muhammadiyah Surakarta universiteti tibbiyot fakulteti dekani Flora Ramona Sigit Prakoeswa o‘rin oldi.

Muzokaralar davomida tomonlar o‘z universitetlari faoliyati, ta’lim tizimi va xalqaro dasturlar yuzasidan fikr almashdilar. Shuningdek, Muhammadiyah Yogyakarta universiteti, Muhammadiyah Purwokerto universiteti hamda Muhammadiyah Surakarta universitetlari bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.

Uchrashuvda kelgusida Indoneziya oliy ta’lim muassasalari talabalarini Buxoro davlat tibbiyot institutida 2 haftalik va 1 oylik qisqa muddatli amaliy dasturlar asosida tahsil olishlari, akademik almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda ilmiy hamkorlikni kengaytirish masalalari yuzasidan muzokaralar olib borildi.

Bundan tashqari, Indoneziyada joriy yil avgust oyida o‘tkazilishi rejalashtirilgan xalqaro konferensiyada Buxoro davlat tibbiyot instituti rahbariyatining ishtirok etishi bo‘yicha ham taklif bildirildi.

Mazkur tashrif ikki davlat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlash, tajriba almashish va tibbiyot ta’limi sifatini yangi bosqichga olib chiqishda muhim аҳамият kasb etadi.