Institutda “Ma’rifat soati” o‘tkazildi
26.05.2026 2026-06-01 12:26Institutda “Ma’rifat soati” o‘tkazildi
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida navbatdagi “Ma’rifat soati” doirasida ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi. Unda institut rektori, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi, senator Qudratilla Rafiqovning “Millat shavkati” nomli maqolasi muhokama qilinib, unda ilgari surilgan g‘oyalar yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi. Ijtimoiy fanlar kafedrasi professor-o’qituvchilari tomonidan maqola mazmun mohiyati yuzasidan ma’ruzalar o’qildi.



Ta’kidlanganidek, maqolada milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotira va madaniy merosni asrab-avaylash, davlat ramzlariga hurmat, mustaqillik yillarida shakllangan qadriyatlar hamda yoshlarning Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalanishi kabi masalalar keng yoritilgan. Shuningdek, millatning obro‘-e’tibori va salohiyati ma’rifatli, bilimli hamda fidoyi avlod bilan chambarchas bog‘liqligi alohida qayd etilgan.
Institut rektori o‘z so‘zida talabalar va yoshlarni mazkur maqolani mutolaa qilishga, unda ilgari surilgan fikrlar ustida chuqur tafakkur yuritishga chaqirdi. Shu bilan birga, maqola orqali mamlakatimizda keyingi yillarda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini anglash, milliy qadriyatlar va zamonaviy taraqqiyot uyg‘unligini his etish mumkinligi ta’kidlandi.



Muloqot davomida professor-o‘qituvchilar va talabalar tomonidan maqolaning dolzarbligi, undagi g‘oyalarning yoshlar tarbiyasidagi ahamiyati hamda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotidagi o‘rni yuzasidan fikrlar bildirildi.
Tadbir yakunida yoshlarni kitobxonlikka, ma’rifat va ilm-fan yo‘lida izlanishga,
Vatan ravnaqiga munosib hissa qo‘shadigan yetuk mutaxassislar bo‘lib kamol topishga da’vat etildi.