BuxDTI matbuot xizmati

Vazir Buxoro davlat tibbiyot instituti faoliyati bilan tanishdi

Vazir Buxoro davlat tibbiyot instituti8

Vazir Buxoro davlat tibbiyot instituti faoliyati bilan tanishdi

Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov boshchiligidagi ishchi guruh Buxoro viloyatiga tashrifi doirasida Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida bo‘lib, muassasaning ta’lim, ilm-fan va klinik faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Tashrif davomida vazir institutning Xalq tabobati laboratoriyasi, Axborot-resurs markazi (kutubxona), muzey, o‘quv binolari, talabalarning startap loyihalari taqdimoti hamda zamonaviy simulyatsiya markazini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, 200 o‘rinli ko‘p tarmoqli klinika faoliyati, unda yaratilgan sharoitlar va zamonaviy tibbiy jihozlar imkoniyatlari bilan tanishdi.

Institutda talabalar uchun yaratilgan ta’lim muhiti, ilmiy izlanishlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi, amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga qaratilgan sharoitlar hamda innovatsion loyihalar yuqori baholandi.
Tanishuv jarayonida institut rektori Shuxrat Teshayev hamda klinika bosh vrachi Shermuhammad Tursunov bilan ta’lim sifati, klinik amaliyot samaradorligi va ilmiy faoliyatni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

— Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti klinikasi o‘zining zamonaviy infratuzilmasi, yuqori malakali mutaxassislari va keng imkoniyatlari bilan nafaqat aholiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatadigan, balki ta’lim, ilm-fan va amaliyot uyg‘unlashgan ilg‘or tibbiy markazga aylanishi lozim. Bu yerda bo‘lajak shifokorlar nazariy bilimlarini amaliyot bilan mustahkamlashi, ilmiy izlanishlar esa amaliy natijalarga xizmat qilishi kerak. Davlatimiz rahbari tomonidan bunday muassasalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Mavjud salohiyatdan samarali foydalanib, klinikani hududdagi namunaviy ta’lim-davolash muassasalaridan biriga aylantirish muhim vazifadir, — dedi sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov.
Tashrif yakunida institut faoliyatini yanada takomillashtirish, ta’lim va amaliyot integratsiyasini kuchaytirish hamda innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlash yuzasidan tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi.