BuxDTI matbuot xizmati

Sian Jiatong universiteti 1-affillangan shifoxonasi bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida muzokaralar o‘tkazildi

Sian Jiatong2

Sian Jiatong universiteti 1-affillangan shifoxonasi bilan hamkorlikni rivojlantirish borasida muzokaralar o‘tkazildi

Xitoy Xalq Respublikasiga amalga oshirilayotgan xizmat safari doirasida Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti vakillari hamda Sian Jiatong universitetining 1-affillangan shifoxonasi rahbariyati o‘rtasida ikki tomonlama hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

Ma’lumki, Buxoro davlat tibbiyot instituti va Sian Jiatong universiteti o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari 2024-yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida ta’lim, klinik amaliyot va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishlarida qator istiqbolli loyihalar amalga oshirildi. Mazkur hamkorlik ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqib, tibbiyot sohasida ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirish hamda mutaxassislar malakasini oshirish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Hamkorlikning amaliy natijalaridan biri sifatida joriy yilning 1-iyun kuni “Minimal invaziv endoskopik texnologiyalar” bo‘yicha qisqa muddatli almashinuv va o‘quv dasturi o‘z faoliyatini boshladi. Buxoro davlat tibbiyot instituti hamkorligida tashkil etilgan mazkur dasturda O‘zbekistonning turli hududlaridan tashrif buyurgan 20 nafar tibbiyot mutaxassisi grant asosida ishtirok etmoqda.

Dastur doirasida ishtirokchilar 5 kunlik hamda 1 oylik amaliy treninglarda qatnashib, minimal invaziv jarrohlik va zamonaviy endoskopik texnologiyalar bo‘yicha ilg‘or bilim va ko‘nikmalarni egallash imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. E’tiborlisi, dastur tinglovchilarining 13 nafari Buxoro viloyatida faoliyat yuritayotgan tibbiyot mutaxassislari hisoblanadi.

Muzokaralar davomida ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish, yangi ta’lim va ilmiy loyihalarni ishlab chiqish, qo‘shma ilmiy-tadqiqot ishlarini yo‘lga qo‘yish hamda tibbiyotning ustuvor yo‘nalishlarida hamkorlikni mustahkamlash masalalari atroflicha muhokama qilindi.

Uchrashuvda Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Laziz Niyazov talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi dasturlarini kengaytirish, yozgi maktablar tashkil etish hamda yosh tadqiqotchilar uchun xalqaro ilmiy platformalarni yaratish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Shuningdek, hamkorlikning yangi yo‘nalishlari sifatida qo‘shma ta’lim dasturlari, akademik mobillik va ilmiy stajirovkalarni rivojlantirish yuzasidan takliflar bildirildi.
O‘z navbatida, Sian Jiatong universiteti 1-affillangan shifoxonasi rahbari o‘rinbosari Chjan Xu Feng shifoxona darajasida hamda ixtisoslashgan klinik bo‘limlar kesimida almashinuv dasturlarini amalga oshirishga tayyor ekanligini ma’lum qildi. U tibbiyot fanining dolzarb yo‘nalishlarida qo‘shma ilmiy tadqiqotlar olib borish, ilmiy maqolalar va innovatsion ishlanmalarni birgalikda tayyorlash, shuningdek, klinik tajriba almashinuvini kuchaytirish har ikki tomon uchun manfaatli bo‘lishini qayd etdi.

Uchrashuv yakunida tomonlar mavjud hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish, tibbiyot ta’limi va amaliy sog‘liqni saqlash sohasida ilg‘or tajribalarni joriy etish hamda kelgusida qo‘shma loyihalar sonini ko‘paytirish borasida o‘zaro manfaatli ekanligini ta’kidladilar.

Mazkur muzokaralar Buxoro davlat tibbiyot instituti va Sian Jiatong universiteti 1-affillangan shifoxonasi o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada mustahkamlashda muhim qadam bo‘ldi. Erishilgan kelishuvlar tibbiyot ta’limi sifatini oshirish, xalqaro tajribani o‘zlashtirish, ilmiy-tadqiqot faoliyatini rivojlantirish hamda yuqori malakali tibbiyot mutaxassislarini tayyorlashga xizmat qiladi.

Shuningdek, ushbu hamkorlik O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi tibbiy ta’lim va sog‘liqni saqlash sohalaridagi aloqalarni yanada kengaytirishga mustahkam zamin yaratadi.