BuxDTI matbuot xizmati

LYUBEK UNIVERSITETI KLINIKASI VAKILLARI BUXORO DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTIDA

photo_2026-09-24_17-17-21

LYUBEK UNIVERSITETI KLINIKASI VAKILLARI BUXORO DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTIDA

Germaniya Federativ Respublikasining Lyubek universiteti klinikasi jarrohlik yo‘nalishi mutaxassislari Buxoro davlat tibbiyot institutiga tashrif buyurdi.

Mehmonlarni institut rektori Shuhrat Teshayev va prorektorlar kutib olib, o‘zaro hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari yuzasidan muloqot o‘tkazildi.
Tashrif davomida xorijlik mutaxassislar institutning muzeyi, Axborot-resurs markazi hamda Xalq tabobati laboratoriyasi faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Mehmonlarga institutning ta’lim va ilmiy salohiyati, xalqaro hamkorlik aloqalari, talabalar va yosh mutaxassislar uchun yaratilgan imkoniyatlar haqida ma’lumot berildi.

Buxoro davlat tibbiyot institutining Germaniya Federativ Respublikasining Lyubek universiteti bilan hamkorligi 2025-yilda yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bugungi kunda mazkur hamkorlik ta’lim, ilmiy-tadqiqot va amaliy tibbiyot yo‘nalishlarida izchil rivojlanib bormoqda.

Joriy yilning 10–14-avgust kunlari Lyubek universitetining 2 nafar professor-o‘qituvchisi va 2 nafar talabasi akademik mobillik dasturi doirasida institutda bo‘lib, klinikada ma’ruzalar, amaliy mashg‘ulotlar va qo‘shma jarrohlik amaliyotlarini tashkil etish masalalari muhokama qilingan edi.

24–25-sentyabr kunlari institutda bo‘lib turgan Lyubek universitetining jarrohlik yo‘nalishi bo‘yicha mutaxassislari — Tobias Kek, Ulrix Fridrix Vellner va Hrihoriy Lapshin tomonidan qo‘shma jarrohlik amaliyotlari, tajriba almashinuvi, shuningdek, talabalar, magistrlar va klinik ordinatorlar uchun ma’ruza hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Xususan, Tobias Kek — Lyubek universiteti Shlezvig-Golshteyn kasalxonasi Umumiy, visseral, torakal, qon tomir va transplantatsiya jarrohligi bo‘limi direktori hisoblanadi.
Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shgan hissasi uchun institut Kengashining yig‘ilishi bayoniga muvofiq, Tobias Kek hamda Ulrix Fridrix Vellnerga Buxoro davlat tibbiyot institutining “Faxriy professori” unvonini berish rejalashtirilgan.

Mazkur tashrif ikki ta’lim va tibbiyot muassasasi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash, xalqaro tajribani o‘rganish hamda zamonaviy jarrohlik amaliyoti bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar almashinuvini kengaytirishga xizmat qiladi.

Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmati