BuxDTI matbuot xizmati

Buxoro davlat tibbiyot instituti UI GreenMetric xalqaro reytingida 584-o‘rinni egalladi

92284dcd-7668-413b-8290-9ab890e43810

Buxoro davlat tibbiyot instituti UI GreenMetric xalqaro reytingida 584-o‘rinni egalladi

Buxoro davlat tibbiyot instituti UI GreenMetric World University Rankings 2026 xalqaro ekologik barqarorlik reytingida yana bir yuqori natijani qayd etdi. Yangi reyting natijalariga ko‘ra, Buxoro davlat tibbiyot instituti dunyo universitetlari orasida 584-o‘rinni egalladi.

UI GreenMetric World University Rankings 2026 reyting natijalarida jami 110 mamlakatdan 2016 ta oliy ta’lim muassasasi ishtirok etgan. Mazkur reyting oliy ta’lim muassasalarining barqaror rivojlanish, ekologik boshqaruv va “yashil kampus” tamoyillarini joriy etish borasidagi faoliyatini baholaydi.

Buxoro davlat tibbiyot instituti 2025-yildagi 725-o‘rindan 2026-yilda 584-o‘ringa ko‘tarildi. Shu tariqa institut bir yil davomida xalqaro reytingda 141 pog‘ona yuqoriladi. Umumiy ballar bo‘yicha ham ijobiy dinamika kuzatildi: 2025-yildagi 6125 balldan 2026-yilda 6750 ballga yetdi va umumiy natija 625 ballga oshdi.

Shuningdek, 2026-yilgi natijalarga ko‘ra, Buxoro davlat tibbiyot instituti O‘zbekistonda 15-o‘rin, Osiyo universitetlari orasida esa 339-o‘rinni qayd etdi.

Reytingning asosiy mezonlari bo‘yicha institut ko‘rsatkichlari quyidagicha shakllandi:

▻Infratuzilma (Setting and Infrastructure) — 675 ball;
▻Energiya va iqlim o‘zgarishi (Energy and Climate Change) — 1450 ball;
▻Chiqindilarni boshqarish (Waste) — 700 ball;
▻Suv resurslarini boshqarish (Water) — 625 ball;
▻Transport (Transportation) — 1325 ball;
▻Ta’lim (Education) — 1087,5 ball;
▻Boshqaruv va raqamlashtirish (Governance and Digitalization) — 887,5 ball.

2026-yilgi reytingda UI GreenMetric baholash tizimida “Governance and Digitalization” — boshqaruv va raqamlashtirish yo‘nalishi ham alohida mezon sifatida kiritilgan. Shu bilan reyting barqaror kampuslarni nafaqat ekologik infratuzilma va resurslardan foydalanish, balki institutsional boshqaruv va raqamlashtirish nuqtayi nazaridan ham baholashni qamrab olgan.

Institutning 2026-yilgi umumiy natijasi 6750 ballni tashkil etib, BDTIda energiya samaradorligi, ekologik infratuzilma, resurslardan oqilona foydalanish, barqaror transport, ta’lim va ilmiy faoliyat, shuningdek, zamonaviy boshqaruv mexanizmlarini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar xalqaro reytingda o‘z aksini topayotganini ko‘rsatdi.

Eslatib o‘tamiz, 2025-yilda Buxoro davlat tibbiyot instituti UI GreenMetric reytingida 1745 ta universitet orasida 725-o‘rinni egallagan edi. 2026-yilda esa institut 584-o‘ringa ko‘tarilib, xalqaro maydondagi natijasini yanada yaxshiladi.

Bugungi kunda Buxoro davlat tibbiyot institutida “Yashil universitet” tamoyillarini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanish, energiya samaradorligini oshirish, suv va chiqindilarni samarali boshqarish, ekologik madaniyatni yuksaltirish hamda barqaror rivojlanish tamoyillarini ta’lim va ilmiy-tadqiqot jarayonlariga integratsiya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Institut kelgusida ham ekologik barqarorlik, yashil infratuzilma, raqamli boshqaruv va resurslardan samarali foydalanish bo‘yicha amaliy loyihalarni kengaytirish, shuningdek, xalqaro reytinglardagi natijalarni yanada yaxshilashni maqsad qilgan.

BDTI — barqaror rivojlanish va “Yashil universitet” tamoyillari sari!

UI GreenMetric World University Rankings 2026:
Jahon reytingi — 584-o‘rin
O‘zbekiston — 15-o‘rin
Osiyo — 339-o‘rin
Umumiy ball — 6750 2025-yilga nisbatan — 141 pog‘ona o‘sish

UI GreenMetric World University Rankings 2026 rasmiy natijalari

Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmati