MA’NAVIYAT, AXLOQ VA IJTIMOIY BARQARORLIK — UMUMIY QADRIYATLAR MEZONI
28.09.2026 2026-09-28 11:51MA’NAVIYAT, AXLOQ VA IJTIMOIY BARQARORLIK — UMUMIY QADRIYATLAR MEZONI
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
25-sentabr kuni Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida “Zamonaviy falsafiy qarashlar va jamiyat muammolari: ma’naviyat, axloq va ijtimoiy barqarorlik” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Anjumanni Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor Sh. J. Teshayev kirish so‘zi bilan ochib, tadbir ishtirokchilarini, xususan, Qozog‘istondan tashrif buyurgan mehmonlarni samimiy qutladi. Rektor anjuman ishtirokchilariga ezgu tilaklarini bildirib, xalqaro ilmiy hamkorlikni yanada rivojlantirish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Tadbirda institutning Ijtimoiy fanlar kafedrasi mudiri, dotsent Z. A. Axmedova, shuningdek, Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), professor A. A. Xusenovaning tabrik so‘zlari tinglandi.
Anjuman davomida bir qator professor-olimlarning ma’ruzalari tinglandi. Ma’ruzalarda zamonaviy falsafiy qarashlar, ma’naviyat va axloqning jamiyat hayotidagi o‘rni, inson huquqlari, ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, yosh avlodni ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalash kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi.



Shuningdek, ma’ruzachilar tomonidan bugungi jamiyat oldida turgan muhim muammolar tahlil qilinib, ularni bartaraf etishda ilm-fan, ma’naviyat, axloq va insonparvarlik tamoyillarining ahamiyati alohida ta’kidlandi.
Anjumanning yana bir mazmunli qismi Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida ko‘p yillar davomida faoliyat yuritgan professor-o‘qituvchilar xotirasini yod etishga bag‘ishlandi. Dargoh rivojiga munosib hissa qo‘shgan, o‘zining ilmiy-pedagogik faoliyati bilan institut tarixida o‘chmas iz qoldirgan ustozlar xotirlandi.
Ularning yaqinlariga ustozlar xotirasiga hurmat va ehtirom ramzi sifatida esdalik sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Bu tashabbus institut jamoasining o‘z ustozlariga bo‘lgan yuksak hurmati va ularning ilmiy-ma’naviy merosini qadrlashining ifodasi bo‘ldi.
San’atshunos Adolat Ravshanova ta’kidlaganidek, ustozlarni xotirlash va ularning merosini asrab-avaylash nafaqat o‘tmishga hurmat, balki kelajak avlod ma’naviy tarbiyasi uchun ham muhim ahamiyatga ega.
Zero, ilm, san’at va ma’naviyat sohalarida yaratilgan boy meros avloddan avlodga o‘tib, jamiyatning ma’naviy taraqqiyotiga xizmat qiladi.


Zotan, ustozning umri, uning ilm-fan va ta’lim sohasiga qo‘shgan hissasi, shogirdlari qalbiga singdirgan bilim va tarbiyasi bilan o‘lchanadi. Ularni yod etish, xotirasini e’zozlash — bugungi avlodning ustozlar oldidagi ma’naviy burchidir.
Xalqaro anjuman mazmunli ma’ruzalar, ilmiy muloqot va fikr almashuvlar bilan boyib, ishtirokchilar uchun samarali muloqot maydoni bo‘ldi. Tadbir ma’naviyat, axloq, inson qadri va ijtimoiy barqarorlik kabi umuminsoniy qadriyatlarni yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmati