BuxDTI matbuot xizmati

BUXORO DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTIDA DUAL TA’LIM ELEMENTLARI AMALIYOTGA TATBIQ ETILMOQDA

ea040fab-fd4e-4c41-91e8-f50bd08c6f6d

BUXORO DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTIDA DUAL TA’LIM ELEMENTLARI AMALIYOTGA TATBIQ ETILMOQDA

​2027/2028-o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim tashkilotlarida ish beruvchilar buyurtmasi asosida, bitiruvchilarni ishga qabul qilish sharti bilan dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimi joriy etiladi. Bu Prezidentning 2026-yil 29-sentabrdagi PF–209-son Farmonida belgilangan.
​Dual ta’limning asosiy maqsadi — nazariy bilimlarni amaliy ko‘nikmalar bilan uyg‘unlashtirish, mehnat bozori ehtiyojlariga mos mutaxassislarni tayyorlash va bitiruvchilarning bandligini ta’minlashdan iborat.

​Buxoro davlat tibbiyot institutida ham talabalarning amaliy tayyorgarligini kuchaytirishga qaratilgan yondashuvlar qo‘llanilmoqda. Jumladan, bitiruv kurslari talabalari birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida, xususan, oilaviy poliklinikalar va oilaviy shifokorlik punktlarida amaliy ko‘nikmalarini mustahkamlamoqda.
​Institutdagi mavjud tartibga muvofiq, bitiruvchi kurs talabalari uchun mashg‘ulotlarning bir qismi, ya’ni ma’ruza darslari an’anaviy shaklda tashkil etilgan bo‘lib, amaliy mashg‘ulotlarni ular yashash manzilliga yaqin birlamchi tibbiy muassasalarda malakaviy amaliyot shaklida o‘taydilar. Bunday amaliyot o‘quv yili davomida muntazam ravishda olib boriladi.

​Institut va amaliyot bazalari tomonidan biriktirilgan mas’ul rahbarlar talabalarning faoliyatini nazorat qilib, ularga bemorlar bilan ishlash, kasalliklarni aniqlash, profilaktik tadbirlarda ishtirok etish va kelgusi kasbiy faoliyati uchun zarur amaliy ko‘nikmalarni egallashda ko‘maklashadilar.
​Shuni alohida ta’kidlash joizki, klinik amaliyot va malakaviy tayyorgarlik tibbiyot ta’limida bo‘lajak shifokorlarning kasbiy mahoratini shakllantirishda muhim o‘rin tutadi. Nazariy bilimlarni bevosita tibbiy muassasalarda qo‘llash talabalarning mustaqil fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, bemorlar bilan muloqot qilish va klinik qarorlar qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam beradi.

​Yangi farmonda belgilangan dual ta’lim tizimi esa ish beruvchilar buyurtmasi, uch tomonlama shartnoma va bitiruvchining keyingi mehnat faoliyati bilan bog‘liq alohida mekhanizmlarni nazarda tutadi. Shu bois institutdagi mavjud malakaviy amaliyotni ushbu yangi tartib bilan aynan bir xil deb baholamaslik lozim.
​Kelgusida mazkur yo‘nalishdagi ishlarni izchil rivojlantirish tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlash, amaliy ta’lim sifatini oshirish va aholiga birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish tizimi uchun malakali kadrlar tayyorlashga xizmat qiladi.

​Shuhrat Teshayev
Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, professor

​Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmati