BuxDTI matbuot xizmati

BUXORO DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI XALQARO REYTINGDA MUNOSIB NATIJA KO‘RSATDI

713df54e-a62d-4585-9405-7347e8d567ae

BUXORO DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI XALQARO REYTINGDA MUNOSIB NATIJA KO‘RSATDI

​Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti nufuzli Round University Ranking (RUR) xalqaro reytingining 2026-yilgi «Subject Rankings» natijalariga ko‘ra, dunyo oliy ta’lim muassasalari orasida 1083-o‘rinni, tibbiyot yo‘nalishi bo‘yicha esa 775-o‘rinni egallab, «World League» toifasidan joy oldi.
​Eng yuqori natija bir qator fanlar bo‘yicha xalqaro xilma-xillik yo‘nalishida qayd etildi. Institut mazkur ko‘rsatkich bo‘yicha dunyo universitetlarining TOP-500 taligiga kirdi.
​Ma’lumot uchun, RUR 2010-yildan buyon dunyoning yetakchi universitetlarini 20 ta ko‘rsatkich asosida to‘rt asosiy yo‘nalish — ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro xilma-xillik va moliyaviy barqarorlik bo‘yicha baholab kelmoqda.
​RUR Subject Rankings — Round University Ranking agentligining fan sohalari kesimidagi reytingi bo‘lib, unda dunyo oliy ta’lim muassasalari oltita yirik soha — gumanitar fanlar, hayot haqidagi fanlar, tibbiyot fanlari, tabiiy fanlar, texnika fanlari va ijtimoiy fanlar bo‘yicha alohida baholanadi.
​Har bir yo‘nalishda universitetlar ta’lim sifati, ilmiy tadqiqotlar, xalqaro xilma-xillik hamda moliyaviy barqarorlik kabi mezonlar asosida baholanadi. Shu tariqa mazkur reyting oliy ta’lim muassasasining aynan o‘z ixtisosligi bo‘yicha jahon miqyosidagi o‘rnini ko‘rsatib beradi.

​Buxoro davlat tibbiyot institutining mazkur natijasi professor-o‘qituvchilar, ilmiy xodimlar va talabalarning izchil mehnati, ta’lim sifatini oshirish, ilmiy salohiyatni yuksaltirish hamda xalqaro hamkorlikni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasidir.
​Institutning Xalqaro bo‘limi xalqaro reytinglardagi mavqeyini yanada mustahkamlash, ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha ishlarni izchil davom ettiradi.

​Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmati