BuxDTI matbuot xizmati

BUXORO DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI DELEGATSIYASI XALQARO TIBBIYOT KONGRESSIDA ISHTIROK ETMOQDA

1580bbb9-9e68-4412-a4ea-604092dcc124

BUXORO DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI DELEGATSIYASI XALQARO TIBBIYOT KONGRESSIDA ISHTIROK ETMOQDA

​Turkiyaning Antaliya shahrida IV xalqaro turkiy tilli davlatlar tibbiyot kongressi hamda klinik amaliyotlar va kurslarga bag‘ishlangan milliy kongress o‘z ishini boshladi.
​Turkiy tilli davlatlar tibbiyot assotsiatsiyasi doirasida tashkil etilgan xalqaro anjumanda 500 nafarga yaqin soha mutaxassislari, olimlar va delegatlar ishtirok etmoqda. Ushbu nufuzli tadbirda Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining 8 nafar professor-o‘qituvchisidan iborat delegatsiyasi ham qatnashmoqda.

​Kongress doirasida jarrohlik, pediatriya, kardiologiya, yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning oldini olish, ularning kelib chiqish omillari hamda zamonaviy davolash usullariga bag‘ishlangan ilmiy sho‘balar tashkil etilgan. Buxoro davlat tibbiyot instituti vakillari — Shahnoza Muhammedova, Iroda Sa’dullayeva va Shahlo Ahrorova ham o‘z ma’ruzalari bilan ishtirok etib, tibbiyot sohasidagi dolzarb masalalar yuzasidan ilmiy tajriba almashmoqda. Shuningdek, Turkiya tibbiyot fakulteti direktori Aynur Feyzu o‘g‘li hamda institutning boshqa mutaxassislari ham kongressda faol qatnashmoqda.
​Rektor Shuhrat Teshayev xalqaro assotsiatsiyaning faxriy a’zosi bo‘ldi
​Kongress doirasida Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, professor Shuhrat Teshayevga xalqaro tibbiy hamkorlikni rivojlantirish, tibbiy ta’lim va ilm-fan sohasidagi samarali faoliyati uchun Turkiy tilli davlatlar tibbiyot assotsiatsiyasining faxriy a’zosi diplomi tantanali ravishda topshirildi.

​Mazkur e’tirof institutning xalqaro hamkorlik aloqalarini mustahkamlash, ilmiy salohiyatini oshirish va milliy tibbiyot ta’limini xalqaro maydonda keng targ‘ib etish yo‘lidagi faoliyati uchun muhim ahamiyat kasb etadi.
​Buxoro davlat tibbiyot instituti delegatsiyasining xalqaro kongressdagi ishtiroki tajriba almashish, ilmiy hamkorlikni kengaytirish va zamonaviy tibbiyot yutuqlarini amaliyotga tatbiq etishga xizmat qiladi.

​Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmati