BUXOROLIK TRAVMATOLOG-ORTOPEDLAR ROBOT YORDAMIDA O‘TKAZILGAN MURAKKAB OPERATSIYANI ONLAYN KUZATISHDI
26.10.2026 2026-10-26 12:04BUXOROLIK TRAVMATOLOG-ORTOPEDLAR ROBOT YORDAMIDA O‘TKAZILGAN MURAKKAB OPERATSIYANI ONLAYN KUZATISHDI
BUXOROLIK TRAVMATOLOG-ORTOPEDLAR ROBOT YORDAMIDA O‘TKAZILGAN MURAKKAB OPERATSIYANI ONLAYN KUZATISHDI
Viloyatimizda travmatologiya va ortopediya yo‘nalishida zamonaviy tibbiy texnologiyalarni amaliyotga joriy etish, shifokorlarning bilim va tajribasini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Respublika travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy markazida tizza bo‘g‘imini robot-assistent yordamida total endoprotezlash bo‘yicha yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti o‘tkazildi. Mazkur murakkab operatsiya Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri onlayn translyatsiya qilindi.
Unda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining travmatolog va ortoped shifokorlari, shuningdek, ushbu yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalar ishtirok etib, jarrohlik jarayonini bevosita kuzatish imkoniga ega bo‘lishdi.




Onlayn translyatsiya davomida mutaxassislar robot texnologiyalari yordamida tizza bo‘g‘imini endoprotezlashning o‘ziga xos jihatlari, jarrohlik amaliyotida yuqori aniqlikka erishish imkoniyatlari hamda zamonaviy yondashuvlar bilan yaqindan tanishdilar. Bu esa tibbiyot xodimlari va bo‘lajak shifokorlarning nazariy bilimlarini amaliy tajriba bilan boyitishga xizmat qildi.
Ta’kidlash joizki, robot-assistent yordamida bajariladigan jarrohlik amaliyotlari operatsiya aniqligini oshirish, bemorning individual anatomik xususiyatlarini hisobga olish va davolash natijalarini yaxshilash imkonini beradi. Bunday texnologiyalarni o‘rganish va ilg‘or tajribalarni hududlarda ommalashtirish travmatologiya va ortopediya xizmatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Bugungi kunda Buxoro viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazining travmatologiya va ortopediya bo‘limida yiliga qariyb 500 nafar bemorga murakkab jarrohlik amaliyotlari bajariladi.
Mutaxassislarning zamonaviy tibbiy texnologiyalar bilan tanishib borishi va ilg‘or tajribalarni o‘zlashtirishi kelgusida aholiga ko‘rsatiladigan tibbiy xizmat sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmati