✅ “Yangi nafas” marafoni Buxoroda o‘zgaacha shukuhda o‘tkazildi
14.11.2022 2022-11-18 18:38✅ “Yangi nafas” marafoni Buxoroda o‘zgaacha shukuhda o‘tkazildi
🗣Buxoroda ham 18 noyabr – O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilingan kun munosabati bilan “Bir vatanda, bir vaqtda, bir masofaga, bir maqsadda – birga yuguramiz!” shiori ostidagi “Yangi nafas” ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tdi. Marafon fuqarolar, ayniqsa, yoshlar qalbida mamlakat bayrog‘iga hurmat, vatanparvarlik tuyg‘ularini yanada jo‘sh urdirish, qolaversa, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etishga qaratilgan muhim tadbirlardan biridir.

📍Marafon Buxoro shahridagi “Sitora” bolalar bog‘i yonidan start oldi. Musobaqa startida so‘z olgan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov yig‘ilganlarni milliy yuksalish ramzi va ulug‘vor Vatanimiz timsoli bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bayrog‘i qabul qilinganligining 31 yilligi bilan qutladi. Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish davlatimiz rahbari e’tiboridagi asosiy masalalardan biri ekanligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, sportning inson hayoti va salomatligidagi tutgan o‘rni va roli xususida fikr-mulohazalarini bildirdi.

7 yoshdan 70 yoshgacha bo‘lgan 3 mingdan ziyod ishtirokchilar – oliy o‘quv yurtlari talabalaridan tortib umumta’lim va sport maktablarining o‘quvchilari, jamoat tashkilotlari vakillari, mahalla faollaridan faxriylargacha uch kilometrlik masofa bo‘ylab, g‘oliblik va salomatlik uchun yugurishdi.

Marafonda BuxDTI rektori Sh.Teshaev va prorektor Z.Baxranova boshchiligida 500 nafarga yaqin institut talabalari faol ishtirok etishdi.
