BuxDTI matbuot xizmati Madaniy-ma’rifiy faoliyat Madaniy-ma’rifiy tadbirlar Talabalar hayoti

📘 “To‘maris izdoshlari” sport musobaqasining hududiy bosqichi boshlandi

To‘maris izdoshlari1

📘 “To‘maris izdoshlari” sport musobaqasining hududiy bosqichi boshlandi

Ayni damda Buxoro davlat universitetining “Universal” sport majmuasida oliy ta’lim muassasalari talaba-qizlari o‘rtasida “To‘maris izdoshlari” sport musobaqasining hududiy bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.

Musobaqaning ochilish marosimi O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi bilan boshlandi. Tadbirni Buxoro davlat universiteti rektori Obidjon Xamidov ochib berib, talaba-qizlarning sportdagi faolligini qo‘llab-quvvatlash, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, yoshlar, ayniqsa qizlarning jismoniy va ma’naviy barkamolligini ta’minlash masalalariga alohida to‘xtaldi hamda barcha ishtirokchilarga omad tiladi.

Musobaqa Buxoro davlat universiteti xotin-qizlar bilan ishlash bo‘limi hamda Sport va san’at fakulteti hamkorligida tashkil etilgan bo‘lib, unda Buxoro davlat universiteti, Buxoro davlat texnika universiteti, Buxoro davlat tibbiyot instituti hamda Buxoro davlat pedagogika instituti jamoalari ishtirok etmoqda.

Ayni paytda musobaqa qizg‘in va murosasiz bahslar bilan davom etmoqda. Dasturdan o‘rin olgan “Jamoani tanishtirish”, “Sport bilan hamnafasmiz”, “Birinchi tibbiy yordam” hamda “Velosipedda uchish” shartlari bo‘yicha bellashuvlarga start berildi.

Ishtirokchi jamoalar har bir shartda o‘zlarining tayyorgarligi, chaqqonligi, jamoaviyligi va amaliy ko‘nikmalarini namoyon etmoqda. Ayniqsa, tezkorlik va hamjihatlikni talab etuvchi bahslar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishlamoqda.

Mazkur musobaqa talaba-qizlarning sportga bo‘lgan qiziqishini oshirish, jismoniy tayyorgarligini mustahkamlash, jamoada ishlash va tezkor qaror qabul qilish ko‘nikmalarini rivojlantirishga xizmat qilmoqda.