BuxDTI matbuot xizmati

Abu Ali ibn Sinoning jahon tamaddunidagi o‘rni – ilmiy amaliy anjuman

ba1d5b68c736ad4a1d6fc

Abu Ali ibn Sinoning jahon tamaddunidagi o‘rni – ilmiy amaliy anjuman

Bugun Buxoro davlat tibbiyot instituti va viloyat turizm va madaniy meros boshqarmasi bilan hamkorlikda Peshku tumanidagi Afshona qishlog‘ida joylashgan Jamoat salomatligi texnikumida “Abu Ali ibn Sinoning jahon tamaddunidagi o‘rni” mavzuida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi. Anjumanda mamlakatimizdagi olimlar, tibbiyot sohasida faoliyat ko‘rsatayotgan shifokorlar, farmasevt, tarixchi olimlar, sharqshunos, faylasuf, biolog hamda kimyogarlar,xalq tabobati vakillari, xorijlik va mahalliy talaba yoshlar ishtirok etishdi

Dastlab, kunning birinchi yarmida mehmonlar alloma nomidagi muzeyda bo‘lib, o‘sha davr osori atiqalari, tarixiy manzaralar va buyumlar aks etgan eksponatlar bilan tanishishdi.

Ma’lumki, Abu Ali ibn Sino tarixda yorqin iz qoldirgan buyuk allomalarimizdan biri bo‘lib, uning boy ilmiy merosi insoniyatga hamon g‘urur va iftixor bag‘ishlab kelmoqda. Alloma Sharq va G‘arb ilm-fani, ma’rifati, madaniyat taraqqiyotiga katta ta’sir ko‘rsatgani bois, o‘z davrida «Shayx ur-rais», «Olimlar boshlig‘i», «Tabiblar podshohi» kabi yuksak maqomlarga sazovor bo‘lgan. «Tib qonunlari» asari esa asrlar davomida tabobatning mufassal qomusi bo‘lib qolmoqda. Dastlab so‘zga chiqqan institut rektori professor Shuxrat Teshaev o‘z nutqida alloma asarlari ming yildan buyon jahon tibbiyotida o‘rni yo‘qolmayotgani va nihoyatda ahamiyatli ekani to‘g‘risida alohida fikrlarini bildirdi.

Anjumanda so‘zga chiqqanolimlar Abu Ali ibn Sinoning o‘z davridagi innovatsion g‘oyalari, tibbiyot falsafasi, xalq tabobati mutaxassislarini tayyorlashdagi o‘rni, stomatologiya rivojidagi hissasi, axloqiy va tarbiyaviy qarashlari haqida ma’ruzalar o‘qidi. Xorijlik soha mutaxassislari esa COVID-19 profilaktikasi va uni davolashda ibn Sino o‘gitlari, Yevropada Avitsenna ruhi va ta’siri, Hindistonda ibn Sino merosini o‘rganish borasida amalga oshirilayotgan ilmiy izlanishlar haqida ma’lumotlar berdi. Tadbirda bunday ilmiy-amaliy anjumanni muntazam o‘tkazish va Abu Ali ibn Sino merosini tadqiq etishda soha mutaxassislari aloqalarini yanada mustahkamlash zarurligi ta’kidlandi.