BuxDTI matbuot xizmati

AQShning Vebster universiteti prezidenti boshchiligidagi delegatsiya Buxoroda bo‘ldi

1111111111111111111111111

AQShning Vebster universiteti prezidenti boshchiligidagi delegatsiya Buxoroda bo‘ldi

Shu kunlarda, ya’ni 6-9 sentabr kunlari Toshkentda O‘zbekiston – AQSh sog‘liqni saqlash haftaligi o‘tkaziladi. Unda tibbiyotning qator yo‘nalishlari bo‘yicha Qo‘shma Shtatlar standartlari asosida ilg‘or yondashuv va tajribalarni mamlakatimiz tibbiyotiga tatbiq etish hamda investitsiyalarni jalb qilish masalalari muhokama qilinmoqda.

Kuni kecha mazkur haftalik doirasida yurtimizda mehmon bo‘lib turgan nufuzli universitetlar professorlari Buxoro davlat tibbiyot institutida bo‘lgani haqida xabar bergan edik. Bugun esa AQShning yana bir nufuzli  oliy ta’lim muassasasi – Vebster universiteti prezidenti janob Julian Shuster boshchiligidagi delegatsiya tashrif buyurdi.

Delegatsiya a’zolarini institut rektori va prorektorlar iliq kutib olishdi.

Delegatsiya a’zolari yangidan qurib foydalanishga topshirilgan Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutining zamonaviy kampusida yaratilgan shart-sharoitlar, auditoriyalar, maxsus o‘quv xonalari, laboratoriyalar, Simulyatsiya markazi, Axborot-resurs markazi faoliyati hamda talabalar turar joyida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shundan so‘ng tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishning istiqbollari, birgalikda kadrlar tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish borasidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi. Shu yerning o‘zida ikki tomonlama hamkorlik memoriandumi imzolandi.

Muzokaralar chog‘ida AQSh ta’lim standartlari asosida oliy ma’lumotli tibbiyot xodimlari tayyorlashni yo‘lga qo‘yishning istiqbollari, ushbu o‘quv kurslarini tashkil etish borasida hal qilinishi lozim bo‘lgan vazifalar borasida atroflicha so‘z yuritildi.

Vebster universiteti prezidenti Julian Shuster janoblari institutga ilk bor tashrif buyurayotgani munosabati bilan o‘zbekona ehtirom ko‘rsatilib, buxorocha zarbof to‘n kiydirildi.