Aziz vatandoshlar, qadrli do‘stlar!
07.07.2022 2022-07-14 9:34Aziz vatandoshlar, qadrli do‘stlar!
So‘nggi kunlarda Nukus shahridagi notinchliklar butun mamlakatimizni qayg‘uga solgani rost. Ko‘p millatli xalqimiz azal-azaldan bir-biri bilan do‘st-inoq yashagan. Quda-anda tutingan. Qoraqalpoq xalqi ham xalqimizning eng yaqin do‘sti sifatida ko‘rilganiga tarix guvoh.
Vatanimizning bu qismidan Buxoro davlat tibbiyot institutida 67 nafar talabalar tahsil olmoqda. O‘tgan o‘quv yilida 5 nafar To‘rtko‘l, Mo‘ynoq va Qorao‘zak tumanlaridan talabalar qabul qilinib, to‘lov shartnoma pullari institut tomonidan to‘lab berilmoqda.
Yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi rahbariyati tomonidan minnatdorchilik xati olganimiz bu ikkala xalq va elatning abadiy do‘stligiga yana bir ishora bo‘ldi.
Yaqingacha Qoraqalpog‘iston Respublikasida juda ko‘p xizmat safariga borganman. May oyida institut professor-o‘qituvchilari va viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi shifokorlari bir oy davomida Xo‘jayli tumanida tibbiy ko‘riklarda ishtirok etishdi. Umuman mehribon qoraqalpoq elining mehmoni bo‘lishdi.
Prezident tomonidan Yangi Qoraqalpog‘istonni bunyod etish yo‘lida birdamlik ko‘rsatish, yurtboshimizni qo‘llab-quvvatlash, xalqimiz bilan yanada hamjihat bo‘lish, jipslashish kerak bo‘lgan bir paytda turli provokatsiyalarga uchmaslik lozim. Zero, barchamizning birdan-bir maqsadimiz jonajon O‘zbekistonimizning tinchligi va osoyishtaligidir.
Muhtaram Prezidentimiz Nukusda faollar bilan yig‘ilish o‘tkazib, mazkur vaziyatni yumshatdilar. Hozirgi paytda yurtimiz tinchligini ko‘rolmaydigan, davlatimizga ko‘z olaytirib turgan kuchlarning bu vaziyatdan foydalanib qolishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Hozir bizga kim do‘st, kim dushman ekani bilinadigan payt. Qoraqalpoq xalqi bilan o‘rtamizdagi birodarlik rishtalari kuni-kecha paydo bo‘lib qolgan emas.
Yurtboshimizning vaziyatni yaxshi tomonga o‘zgartirganlari, shunday tahlikali paytda to‘g‘ri qaror qabul qila olganliklari tahsinga loyiq.