BDTI va Boku davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
06.05.2025 2025-05-07 11:55BDTI va Boku davlat universiteti o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Ozarboyjonda oliy ta’lim yo‘nalishida o‘tkazilayotgan qator nufuzli tadbirlarda ishtirok etayotgan Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro Davlat Tibbiyot Instituti delegatsiyasi Boku Davlat Universitetida bo‘lib, ikki oliy ta’lim muassasasi o‘rtasida anglashuv memorandumi imzoladi.

Mazkur memorandumga Buxoro davlat tibbiyotinstituti rektori, professor Shuhrat Teshayev hamda Boku davlat universiteti rektori Elchin Babayev imzo chekdi.
Uchrashuv davomida tomonlar ilmiy-ta’limiy aloqalarni kengaytirish, tibbiyot va unga yaqin sohalarda qo‘shma tadqiqotlar olib borish, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar almashinuvi, ilmiy nashrlar va akademik dasturlarni birgalikda ishlab chiqish masalalarini muhokama qilishdi.

Tadbirda BDU rektori Elchin Babayev universitet tarixi, tibbiyot sohasi bilan bog‘liq yo‘nalishlarda olib borilayotgan ilmiy ishlanmalar, ICESCO’ga ixtisoslashgan Biotibbiy materiallar kafedrasining faoliyati haqida ma’lumot berdi. U BDTI bilan ilmiy hamkorlikni mustahkamlash keng istiqbollarga ega ekanini ta’kidladi.

BDTI rektori professor Shuhrat Teshayev ushbu memorandum ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi do‘stona aloqalarning yana bir muhim qadami bo‘lib xizmat qilishiga ishonch bildirdi. U institutning 35 yillik tarixi, 10 mingdan ortiq talabaga ega ekani, zamonaviy klinikalari faoliyat yuritayotgani haqida ma’lumot berdi hamda BDTI bugun xalqaro maydonda faol hamkorlik olib borayotgan yetakchi tibbiyot oliygohlaridan biri sifatida faoliyatini davom ettirayotganini alohida ta’kidladi.

Imzolangan memorandum doirasida qo‘shma ilmiy konferensiyalar, seminarlar, simpoziumlar, qisqa muddatli kurslar, treninglar, ilmiy tadqiqotlar, hamkorlikdagi nashrlar, shuningdek, professor-o‘qituvchilar, talabalar, magistrantlar, doktorantlar va tadqiqotchilar almashinuvi ko‘zda tutilgan.

BDTI rahbariyati ushbu hamkorlik ikki oliy ta’lim muassasasi uchun katta imkoniyatlar yaratishi, ilm-fan va ta’lim integratsiyasiga yangi bosqich olib kirishini ta’kidlaydi.