Bo‘lajak shifokorlar Afshona qishlog‘ida qasamyod qabul qilishdi
06.09.2025 2025-09-09 15:02Bo‘lajak shifokorlar Afshona qishlog‘ida qasamyod qabul qilishdi
Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot institutida an’anaga aylangan muhim marosim – bo‘lajak shifokorlarning qasamyod qabul qilish tadbiri Peshku tumanidagi Afshona qishlog‘ida, buyuk tabib haykali poyiga gul qo‘yish bilan boshlandi.
Bu yilgi marosim alohida ahamiyat kasb etdi. Chunki u alloma Ibn Sino tavalludining 1045 yilligi, dunyo tibb ilmining shohasari – “Tib qonunlari” asari yaratilganiga 1000 yil, shuningdek, institut tashkil etilganiga 35 yil to‘lishi munosabati bilan o‘tkazildi.





Joriy yilda institutga 1300 nafarga yaqin talaba 8 ta yo‘nalish bo‘yicha qabul qilingan bo‘lib, ularning 60 foizi davlat granti asosida tahsil oladi. Bo‘lajak shifokorlar kasbiga sadoqatli bo‘lish, har qanday sharoitda tibbiy yordam ko‘rsatishga tayyor turish, halollik va mas’uliyat bilan ish yuritishga qasamyod qabul qilishdi.
Tadbirda Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev, Peshku tumani hokimi Hayot Davlatov, xorijiy nufuzli oliy ta’lim muassasalarining professorlari, ota-onalar va jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. Marosim chog‘ida bir qator xorijlik nufuzli professorlar”Abu Ali ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti 35 yilligi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlanadi.





Shu bilan birga, talabalar tomonidan poklik va sadoqat ramzi sifatida oq xalat kiyish marosimi ham o‘tkazildi. Bu an’ana talabalar shifokorlik kasbiga qadam qo‘yishida muhim ramz sifatida qaraladi.
Institutda talabalar bilim olishi va amaliy ko‘nikmalarini oshirish uchun zamonaviy sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, yangidan barpo etilgan kampusda simulyasion markaz faoliyati yo‘lga qo‘yilib, zamonaviy tibbiy trenajyorlar o‘rnatildi. Shuningdek, ayrim mutaxassislik fanlari ingliz tilida o‘qitilishi yo‘lga qo‘yilgan.
So‘nggi yillarda institut Rossiya, Hindiston, Xitoy, Polsha, Italiya kabi davlatlarning nufuzli universitetlari bilan qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yib, ellikka yaqin xalqaro hamkorlik memorandumlarini imzolagan.



