BuxDTI matbuot xizmati

Bugun butunjahon salomatlik kuni

4c5ed754468da7d7857c7

Bugun butunjahon salomatlik kuni

Dunyo jamoatchiligi tomonidan 1950 yil 7 apreldan har yili 7 aprel – Butunjahon salomatlik kuni keng nishonlanadi.  Dastlab, kun tarixiga nazar solib o‘tsak. Koronavirus pandemiyasi ortidan ko‘pchilik insonlar borligini bilgan tashkilotlardan biri, shubhasiz, Jahon sog‘likni saqlash tashkiloti — JSST bo‘ldi, desak yanglishmagan bo‘lamiz. 1948 yil 7 aprel kuni mazkur tashkilotning nizomi qabul qilingan va bu sana Butunjahon salomatlik kuni sifatida belgilangan.  Xo‘sh, bu qanday tashkilot?

JSST –Birlashgan Millatlar Tashkilotining sog‘liqni saqlash sohasiga ixtisoslashgan nufuzli muassasasi bo‘lib, uning tarkibiga hozirda 194ta a’zo davlat kiradi. Bosh ofisi Shveysariyaning Jeneva shahrida joylashgan hamda 6ta mintaqaviy va 150ta mamlakatdagi vakolatxonalariga ega. JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi tashkilotning Yevropa mintaqasidagi vakolatxonasiga qarashlidir. O‘zbekiston JSSTga 1992 yil 25 mayda a’zo bo‘lgan. JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi 1993 yilda Toshkentda o‘z faoliyatini boshlagan.

Butunjahon sog‘liqni saqlash kuni – bu sayyoramiz aholisi e’tiborini salomatlik va sog‘liqni saqlash muammolariga jalb qilishga qaratilgan global kompaniyadir. Butunjahon sog‘liqni saqlash kunini nishonlash bilan bog‘liq tadbirlar JSST boshchiligida tashkillashtiriladi. Bu kunni nishonlash munosabati bilan har yili sog‘liqni saqlash sohasida dolzarb

bo‘lgan masalalarga xalqaro jamoatchilikning e’tiborini qaratish maqsadida muayyan bir mavzu belgilab olinadi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti nizomi quyidagi asosiy tamoyillarga asoslanadi:

·  Salomatlik — bu nafaqat tanada kasalliklarning mavjud emasligi, balki umumiy-ijtimoiy, ruhiy hamda jismoniy barqarorlik holatidir;

·  Kishining irqi, dini, siyosiy qarashlari, iqtisodiy va ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar, salomatlik borasida eng yaxshi darajaga erisha olishi har bir shaxsning eng asosiy huquqlaridan bir hisoblanadi;

·  Jahondagi barcha xalqlarning salomatligi dunyoda tinchlik va xavfsizlik o‘rnatilishining eng asosiy omili bo‘lib, u har bir mamlakat va davlatlarning to‘liq o‘zaro hamkorligiga bog‘liqdir;

·   Har qanday davlatning sog‘liqni saqlash borasidagi erishgan natijalari barcha uchun ahamiyatlidir;

·  Turli mamlakatlarda kasalliklarga qarshi kurash borasidagi, ayniqsa, yuqumli kasalliklarga qarshi kurash borasidagi choralarning notekisligi qolgan barcha uchun umumiy xatarni keltirib chiqaradi;

·  Bola salomatligi eng ustuvor vazifa hisoblanadi;

·  Barcha xalqlar uchun tibbiyot, psixologiya va turdosh ilmlar yutuqlaridan birdek foydalana olish sharoiti yaratilishi — salomatlikni ta’minlash borasidagi eng asosiy shartlardan biri bo‘lishi kerak;

·  Xalq salomatligini yaxshilash borasida jamoatchilik bilan faol ishlash, uning bu boradagi tushunchalarini shakllantirish, ushbu xalqning salomatligini himoyalash uchun g‘oyat muhimdir; ·  Hukumatlar o‘z xalqlarining salomatligi uchun javobgardirlar. Bu javobgarlik sog‘liqni saqlash sohasida tegishli choralarni ko‘rishni taqozo etadi.

Ushbu sananing xalqaro bayram kuni sifatida nishonlanishi, xalqaro hamjamiyat va har bir shaxsni jahondagi mavjud hozirgi dolzarb tibbiy masalalarga e’tibor qaratishga chorlashni maqsad qiladi. Kishilarni o‘z salomatligiga befarq bo‘lmaslikka hamda yaqinlari va jamiyat oldidagi mas’uliyatni anglagan holda ish tutishga chorlaydi. Chindan ham sana bilan bog‘liq tadbirlar yil davomida yurtimiz bo‘ylab nishonlanib kelishi sir emas. Mahallalarda, korxona-tashkilotlarda, jamoat joylarida va ta’lim muassasalari kabi aholi gavjum joylashgan hududlarda tibbiy ko‘riklar, sog‘lom ovqatlanish va turmush tarziga e’tiborli bo‘lishga qaratilgan tushuntirish ishlari olib boriladi.

Buxoro davlat tibbiyot institutining shifokor professor o‘qituvchilari va yuqori bosqichda tahsil oladigan talaba yoshlari ham bu tadbirlarda juda faol.

Jumladan, o‘tgan 2022 yilda 100ga yaqin tibbiy ko‘riklar va patronaj tibbiy xizmatlar talabalar tomonidan amalga oshirildi. Bugungi kunga kelib viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalari tomonidan haftaning har juma kuni, “Ziyorat velomarafoni” tashkil etilmoqda. Bunda professor-o‘qituvchilar viloyat markaziga yaqin bo‘lgan hududlar bo‘ylab velosipedda sayr qilishadi.  

Men vrach sifatida, professor sifatida butun xalqimizga sog‘lik salomatlik talyman. Va har bir kunimiz salomatlik kuni bo‘lishini tilayman.

Sog‘lom ovqatlaning, sog‘lom yashang va sog‘lom g‘arakatda bo‘ling! O‘zingizga befarq bo‘lmang va uzoq yashang!

Shuxrat Teshayev, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, tibbiyot fanlari doktori, professor.