BuxDTI matbuot xizmati

BuxDTI talabalari nufuzli xalqaro konferensiyada muvaffaqiyatli ishtirok etdilar

BuxDTI talabalari nufuzli xalqaro konferensiyada muvaffaqiyatli ishtirok etdilar1

BuxDTI talabalari nufuzli xalqaro konferensiyada muvaffaqiyatli ishtirok etdilar

2025-yil 16-may kuni Samarqand davlat tibbiyot universitetida “Fundamental, amaliy tibbiyot va farmatsiya yutuqlari” mavzusida talabalar va yosh olimlarning 79-xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli ilmiy anjumanda Xitoy, Rossiya, Belarusiya, Turkiya, Bolgariya, Qozog‘iston, Tojikiston, Boshqirdiston, Ozarbayjon, Gruziya kabi mamlakatlar hamda O‘zbekistonning turli oliy tibbiy ta’lim muassasalari va ilmiy-tadqiqot markazlaridan 40 ga yaqin delegatsiya ishtirok etdi.

Konferensiyaning tantanali ochilish marosimi Samarqand shahridagi Yoshlar markazida o‘tkazilib, unda SamDTU rektori, professor Jasur Rizayev kirish so‘zi bilan ishtirokchilarga murojaat qildi. U o‘z nutqida konferensiyaning ilmiy-amaliy tibbiyot sohasidagi o‘rni, yosh olimlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar hamda xalqaro ilmiy hamkorlikni mustahkamlashdagi ahamiyatini alohida ta’kidlab o‘tdi. Tadbirning ochilish marosimi ko‘tarinki kayfiyatda, kuy-qo‘shiqlar va madaniy chiqishlar bilan davom etdi.

Mazkur konferensiya doirasida 24 ta sho‘ba bo‘yicha 660 dan ortiq talaba va yosh tadqiqotchilar o‘z ilmiy ishlari bilan ishtirok etdilar. Anjuman davomida tibbiyotning dolzarb masalalari muhokama qilinib, “Yosh olimlar klubi” davra suhbatlari tashkil etildi. Unda innovatsion g‘oyalar va startap loyihalar yuzasidan samarali fikr almashinuvi bo‘lib o‘tdi.

Faxr bilan ta’kidlash joizki, ushbu xalqaro konferensiyada Buxoro davlat tibbiyot instituti talabalari ham faol ishtirok etdilar va munosib natijalarga erishdilar. Jumladan:

Atoyeva Mohigul va Sharipova Manzura – 1-o‘rin,

Xojamurodova Maftuna va Tojiyeva Gulasal – 2-o‘rinni egalladilar.

Konferensiya yakunida ishtirokchilarga diplomlar, sertifikatlar hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Bunday xalqaro miqyosdagi anjumanlar talaba-yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb etish, ularning ilmiy salohiyati va tashabbuslarini ro‘yobga chiqarish, shuningdek, fundamental va klinik fanlar o‘qitish sifatini oshirishda muhim o‘rin tutadi. Bu kabi tadbirlar, shubhasiz, mamlakatimiz tibbiyot sohalarining taraqqiy etishiga va oliy ta’lim muassasalari o‘rtasidagi xalqaro hamkorlikning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.