BuxDTI matbuot xizmati

BUXORO DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI HUZURIDA ABU ALI IBN SINO ILMIY-TADQIQOT MARKAZI TASHKIL ETILADI

Screenshot 2026-10-20 061912

BUXORO DAVLAT TIBBIYOT INSTITUTI HUZURIDA ABU ALI IBN SINO ILMIY-TADQIQOT MARKAZI TASHKIL ETILADI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 19-oktyabrdagi 575-son qarori bilan buyuk tabib va qomusiy olim Abu Ali ibn Sino ilmiy merosini o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan “yo‘l xaritasi” tasdiqlandi. Hujjat alloma tavalludining 2030-yilda nishonlanadigan 1050-yilligiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida qabul qilindi.
​Qarorga muvofiq, Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti huzurida davlat muassasasi shaklidagi Abu Ali ibn Sino ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etiladi.
​Markazning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi:

— Ibn Sino tibbiyoti bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazish va ularning natijalarini zamonaviy tabobatda qo‘llash;
— Xorijda saqlanayotgan qo‘lyozmalarni jamlash, tarjima qilish hamda ularning elektron platformasini yaratish;
— O‘quv materiallarini tayyorlash, xalqaro simpozium va konferensiyalar tashkil etish;
— Tibbiyot xodimlari uchun o‘quv kurslari va mahorat darslarini yo‘lga qo‘yish.

​Shuningdek, “yo‘l xaritasi” doirasida allomaning tibbiyot va filosofiyaga oid qimmatli asarlarini o‘zbek tiliga ilmiy-izohli tarjima qilish, “Ibn Sino” xalqaro mukofotini ta’sis etish, Buxoro viloyatida “Tib qonunlari” asariga bag‘ishlangan muazzam monument o‘rnatish, “Husayn” badiiy filmini suratga olish hamda yoshlar uchun zamonaviy axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt asosida mediamateriallar tayyorlash ko‘zda tutilgan.

​Abu Ali Ibn Sino nomidagi Buxoro davlat tibbiyot instituti axborot xizmati