BuxDTI matbuot xizmati

Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev

f2f2012a1e406629e67ca

Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev

Assalom alaykum qadrli yurtdoshlar, aziz ota-onalar!

Bugun o‘zbek internet segmentidagi ba’zi ijtimoiy tarmoqlarda BuxDTIning Dog‘iston davlat tibbiyot universiteti bilan hamkorlikda tashkil etilgan qo‘shma ta’lim dasturida tahsil olayotgan bir guruh talabalarning Prezident Shavkat Mirziyoevga yo‘llagan videomurojaati tarqaldi.

Unda talabalarimiz o‘qishini O‘zbekiston Respublikasidagi oliy ta’lim muassasalariga ko‘chirishni so‘rashgan.

Ma’lumki, Prezidentimizning tegishli topshirig‘iga asosan Rossiya Federatsiyasining Ukraina davlati bilan chegaradosh Kursk, Bryansk, Belgorod, Voronej, Rostov, Krasnodar hamda Qrim va Sevastopol hududlaridagi OTMlarda tahsil olayotgan O‘zbekiston fuqarolarining o‘qishini O‘zbekistondagi davlat OTMlariga istisno tariqasida ko‘chirishga ruxsat berildi.

Bu haqida davlat qabul komissiyasi bayoni e’lon qilindi.

Ammo, yuqorida ma’lum qilinganidek mazkur hududlar ro‘yxatida Dog‘iston respublikasi mavjud emas.

Demak, o‘z-o‘zidan ma’lumki, bu hududda tahsil olayotgan talabalarimiz ham o‘qishini ko‘chirtirish imkoniga ega emas.

Mazkur hudud – Dog‘iston, Rossiyaning yuqorida qayd etilgan chegara hududlaridan 1000 kilometr uzoqlikda joylashgan. Va bu yerda tinch hamda barqaror hayot davom etmoqda. Biror bir harbiy harakat amalga oshirilmaydi.

Ayni paytda men (Sh.T.) va institut prorektorlari, Xalqaro fakultet dekani doimiy ravishda bu yerdagi talabalar bilan aloqada bo‘lib turibdi.

DDTU rahbariyati ham o‘zbekistonlik talabalar hayotidan, ta’lim jarayonidan xabardor. Ularga yetarli sharoit va imkoniyat yaratib berilgan.

Shuningdek, Dog‘iston tibbiyot universitetida O‘zbekistondan tashqari dunyoning 45 ta davlatidan borib talabalar tahsil olmoqda.

Biz kelgusida talabalarimiz dunyoning nufuzli oliygohlarida tahsil olib, malaka oshirib qaytishi va yurtimiz ravnaqi, xalqimiz salomatligi yo‘lida xizmat qiladigan kadrlar bo‘lib yetishini tilaymiz.