BuxDTI matbuot xizmati

Buxoro davlat tibbiyot instituti vakillari Ozarbayjon Tibb Universitetida o‘tkazilgan festivalda ishtirok etdi

Buxoro davlat tibbiyot instituti vakillari Ozarbayjon Tibb Universitetida o‘tkazilgan festivalda ishtirok etdi1

Buxoro davlat tibbiyot instituti vakillari Ozarbayjon Tibb Universitetida o‘tkazilgan festivalda ishtirok etdi

Ozarbayjon Tibb Universitetining 95 yillik yubileyi va Ozarbayjon xalqining Umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev tavalludining 102 yilligiga bag‘ishlangan Tibb festivalining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Ushbu nufuzli tadbirda Turkiya, O‘zbekiston, Belarus kabi mamlakatlardan taniqli olimlar, yetakchi tibbiy oliygohlar vakillari ishtirok etdi. Festival zamonaviy tibbiyot fanining dolzarb yo‘nalishlari, ilmiy yutuqlari va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash masalalariga bag‘ishlandi.

Tadbir ishtirokchilari avvalo Haydar Aliyev xotirasiga hurmat bajo keltirib, uning yodgorligi poyiga gulchambarlar qo‘yishdi. Festival doirasida tashkil etilgan ko‘rgazma va startap burchaklari mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otdi.

Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida ishtirok etgan Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori, professor Shuxrat Toshayev o‘zining tabrik so‘zida Ozarbayjon Tibb Universitetini Yevrosiyo mintaqasida tan olingan nufuzli ilm maskani sifatida e’tirof etdi. U, shuningdek, mazkur xalqaro ilmiy-platforma doirasida olib borilayotgan faoliyatni yuksak baholab, Buxoro davlat tibbiyot instituti va Ozarbayjon Tibb Universiteti o‘rtasida har tomonlama ilmiy-akademik hamkorlikni kengaytirish istagini bildirdi. Jumladan, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvi, qo‘shma ilmiy loyihalar va konferensiyalar tashkil etish orqali ikki tomonlama aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.

Festival doirasidagi tantanali marosimda Ozarbayjon Tibb Universitetining rektori, professor Garay Garaybəyli universitet tarixida erishilgan yutuqlar, xalqaro reytinglardagi o‘sish sur’atlari, ilm-fan va ta’limdagi zamonaviy yondashuvlar haqida so‘z yuritdi. U universitetda hozirda 1500 dan ortiq xodim, 7500 dan ziyod talaba tahsil olayotganini, ulardan 3000 nafardan ortig‘i xorijiy talaba ekanini qayd etdi.

Qayd etish kerakki, mazkur festival doirasida bir necha kun davomida tibbiyotning turli yo‘nalishlariga bag‘ishlangan ilmiy panel sessiyalar, “ATUREK 13” konferensiyasi hamda ATU Talabalar ilmiy jamiyatining yakuniy konferensiyasi o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Buxoro davlat tibbiyot instituti ushbu xalqaro ilmiy-ma’rifiy platformada faol ishtirok etib, o‘zining ilmiy salohiyatini namoyish etdi va hamkorlik aloqalarini mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlar tashladi.