Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro kongressda manfaatli shartnoma imzoladi
13.04.2026 2026-04-14 12:59Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro kongressda manfaatli shartnoma imzoladi
Buxoro davlat tibbiyot instituti xalqaro kongressda manfaatli shartnoma imzoladi
Bugun Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi universitetlari kongressi” start oldi. Mazkur tadbirda Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqiga a’zo mamlakatlardan vazirlar, vazir o‘rinbosarlari, 300 dan ortiq oliy ta’lim muassasalari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etmoqda. Shuningdek, Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Shuhrat Teshayev va prorektor Laziz Niyozov ham qatnashmoqda.
Ma’lumot uchun, kongressda Yevropa Ittifoqi davlatlaridan 45 ta universitetdan 80 nafardan ortiq vakil, Markaziy Osiyo davlatlaridan 20 dan ziyod universitetdan 40 nafardan ortiq ishtirokchi, shuningdek O‘zbekistondan 80 dan ortiq oliy ta’lim muassasalaridan 200 nafardan ziyod vakil ishtirok etmoqda.


Kongressning rasmiy ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Ilhom Sirajev, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov, sog‘liqni saqlash vaziri Asilbek Xudoyorov, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi elchisi Toivo Klaar, Polsha Respublikasi fan va oliy ta’lim vaziri Marcin Kulasek, Tojikiston Respublikasi ta’lim va fan vaziri Saidzoda Rahim Hamro, Polsha akademik oliy ta’lim muassasalari rektorlari konferensiyasi (CRASP) prezidenti Bogumila Kanewska hamda IREG Academic Ranking & Excellence Observatory prezidenti Waldemar Siwiński ishtirok etdi.


Tadbir davomida ta’lim va ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, universitetlar o‘rtasida strategik aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Kongress doirasida vazirlar ishtirokida panel sessiya ham tashkil etildi. Unda Yevropa Ittifoqi va Markaziy Osiyo universitetlari o‘rtasida hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, strategik yondashuvlar va ustuvor vazifalar muhokama qilindi.


Tadbir doirasida Buxoro davlat tibbiyot instituti rektori Sh. Teshayev ishtirokchilarga institut faoliyati haqida batafsil taqdimot qildi. Shuningdek, institut va Polshadagi Varshava davlat tibbiyot universiteti o‘rtasida ta’lim va amaliy tibbiyot sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muhim shartnoma imzolandi.